Farmatsevtika kompaniyasi hamda Szyansi anʼanaviy xitoy tabobati universitetining 10 nafar shifokor va mutaxassislaridan iborat delegatsiyaning maqsadi Oʻzbekiston tibbiyot xodimlari bilan “COVID-19” pandemiyasiga oid maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashish, hamkorlikda kasallik keng tarqalishini oldini olish, uni nazorat qilish va davolash ishlariga koʻmaklashishdir.

Oʻtgan yili aprel oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi davomida qator sohalar qatorida sogʻliqni saqlash tizimida, xususan yurtimizda anʼanaviy xitoy tabobatini rivojlantirish boʻyicha kelishuvga ham erishilgandi. Bugungi muloqot davomida taʼkidlanganidek, barcha davlatlar uchun ogʻir boʻlgan hozirgi paytda, pandemiya bilan bogʻliq boʻlgan inqirozli vaziyatda ikki davlat oʻrtasida ushbu yoʻnalishda samarali hamkorlikni yana-da rivojlantirish maqsadga muvofiqdir.

“COVID-19”ga qarshi kurashda Oʻzbekiston Xitoyning toʻplagan katta tajribasini qoʻllashi va mamlakatlar saʼy-harakatlarini birlashtirish orqali pandemiyani yengishiga ishonch bildirildi. Oʻz oʻrnida XXR hukumati tomonidan mutaxassislar koʻmagi bilan birgalikda yurtimizga bir necha bor insonparvarlik yordami yetkazib bergani aytilib, chuqur minnatdorlik bildirildi.

Muloqot davomida mehmonlar anʼanaviy xitoy tabobatining bugungi kunda koronavirusga qarshi kurashdagi ahamiyati xususida batafsil gapirib berishdi, ushbu yoʻnalishda yurtimiz bilan keng hamkorlik oʻrnatish masalasi muhokama qilindi.

Jumladan, mamlakatimizda Szyansi anʼanaviy xitoy tabobati universitetining filialini tashkil qilishga kelishib olindi. Bu yerda tayyorlanadigan mutaxassislar xalq tabobati ilmini zamonaviy tibbiyot yutuqlari bilan uygʻunlashtirgan holda amaliyotda qoʻllashlari mumkin boʻladi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi 
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.