Sogʻliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan mamlakatimizda “Yoshlar salomatligi oyligi” boshlandi.

Shu yil may oyi davomida boʻlib oʻtadigan aksiya doirasida 18-30 yoshgacha boʻlgan yoshlar profilaktik tibbiy koʻriklar, skrining tekshiruvlari hamda chuqurlashtirilgan tibbiy koʻriklardan oʻtkaziladi.

Tekshiruv natijalariga koʻra aniqlangan kasalliklar boʻyicha bemorlarni davlat koʻmagida davolash, sogʻliqlarini mustahkamlash choralari koʻrilib, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish boʻyicha tadbirlar tashkil etiladi.

Buning uchun dastlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari tomonidan tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladigan yoshlar roʻyxati shakllantirilib, shu asosda ular yoshi, jinsi va salomatlik holatidan kelib chiqib, tegishli guruhlarga ajratiladi.

Shundan soʻng ular maxsus tibbiy brigadalar tomonidan profilaktik va chuqurlashtirilgan tekshiruvlardan oʻtkaziladi.

Koʻriklar natijasida hayotida birinchi marta surunkali kasallik aniqlanganlar dispanser nazoratiga olinib, individual sogʻlomlashtirish rejasi tuziladi.

Shuningdek, oʻtkir va surunkali kasallik aniqlanganlar birlamchi boʻgʻindagi kunduzgi shifoxonalarda ambulator sharoitda, statsionar yordamga muhtoj boʻlganlar esa tuman va shahar markaziy shifoxonalari, viloyat klinikalari hamda tibbiyot markazlarida sogʻlomlashtiriladi.

Yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga ehtiyoji bor bemorlarga viloyat va respublika muassasalariga imtiyozli yoʻllanmalar taqdim etiladi. 

Qolaversa, oylik doirasida oʻtkaziladigan tibbiy koʻriklarning sifat va samaradorligini oshirish va koʻlamini yanada kengaytirish maqsadida olis va chekka hamda chegara hududlarda koʻchma brigadalar yordamida koʻriklar tashkil etiladi.

Yoshlar orasida homiladorlar, yangi tuqqan ayollar va oʻzgalar parvarishiga muhtoj nogironlar oʻrnatilgan tartibda oila shifokori va oila hamshiralari tomonidan patronaj qilinib, zarur hollarda tor soha mutaxassislarining uyda koʻriklari amalga oshiriladi.

Tibbiy koʻriklar natijalari boʻyicha mehnatga qobiliyatini turgʻun yoʻqotgan, organizmning funksiyasi buzilishi va hayot faoliyati chegaralanishini hisobga olgan holda nogironlik belgilanishi zarur boʻlgan qatlamga nogironlikni belgilash choralari koʻriladi.