Bunda vazirlik tizimida faoliyat yuritayotgan Yuristlar malakasini oshirish markazi alohida oʻrin tutadi.

Taʼkidlash joizki, Yuristlar malakasini oshirish markazi adliya organlari xodimlari hamda advokatlarni, shuningdek yuridik xizmat xodimlarini (yuriskonsultlarni) qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish faoliyati bilan shugʻullanadi.

Maʼlumki, jismoniy va yuridik shaxslarga malakali yuridik yordam koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanadigan advokatlar oʻz bilimlarini doimiy ravishda takomillashtirib borishi, har uch yilda kamida bir marotaba kasbiy malakasini oshirishi lozim.

Shunga koʻra, advokatlarning malakasini oshirish kurslari ikki hafta davomida Yuristlar malakasini oshirish markazida olib boriladi hamda yakuniy sinovlarni muvaffaqiyatli topshirgan advokatlarga belgilangan namunadagi sertifikat beriladi.

Bu borada Rossiya, Qozogʻiston, Ukraina, Fransiya, Germaniya, AQSH va Buyuk Britaniya kabi davlatlarda advokatlarning kasbiy malakasini oshirish tizimi oʻziga xos xususiyatlarga ega.

Masalan, AQSHning koʻplab shtatlarida advokatlar litsenziyaning amal qilishi shartlaridan hisoblangan yillik malaka oshirish boʻyicha talablarga rioya etishlari shart hisoblanadi. Bunda AQSHning har bir shtati yoki hududi malaka oshirish bilan bogʻliq oʻz talablarini oʻrnatganlar. Bunday talablarni birxillashtirish uchun Amerika yuristlar assotsiatsiyasi malaka oshirishning namunaviy qoidalarini qabul qilgan.

Qoidaga koʻra, advokatlar aniq vaqt davomida soatlar bilan belgilanadigan miqdordagi ballarni yigʻishlari lozim. Ballar quyidagi yoʻllar bilan toʻplanishi mumkin:

tajribali yuristlar tomonidan ham nazariy huquq, ham kasbiy amaliy koʻnikmalar boʻyicha tashkil etiladigan trening mashgʻulotlarida qatnashish;

mustaqil taʼlim olish;

masofaviy taʼlim va audio materiallar eshitish;

malaka oshirish boʻyicha akkreditatsiya qilingan panel dasturlarida maʼruzalar bilan chiqish, moderatorlik qilish, ishtirok etish;

malaka oshirish boʻyicha akkreditatsiya qilingan taʼlim muassasalarida yuridik fanlarni oʻqitish;

talabalarni huquqiy fanlar boʻyicha musobaqalarga tayyorlash, bunday musobaqalarda, oʻquv sud protsesslarida sudyalik qilish;

ilmiy ishlar eʼlon qilish;

“pro bono” – bepul yuridik yordam koʻrsatish.

Buyuk Britaniyada barcha advokatlar malaka oshirishga oid talablarga rioya etishlari zarur (Continuing Professional Development).

Malaka oshirish Huquq jamiyati (Law Society), Advokatlar palatasi tomonidan tashkil etilgan yoki boshqariladigan tashkilotlar, akkreditatsiya qilingan xususiy tijorat yoki ommaviy notijorat tashkilotlari tomonidan tashkil etiladi.

Malaka oshirish Huquq jamiyati (Law Society), Advokatlar palatasi tomonidan tashkil etilgan yoki boshqariladigan tashkilotlar, akkreditatsiya qilingan xususiy tijorat yoki ommaviy notijorat tashkilotlari tomonidan tashkil etiladi.

Malaka oshirish kurslarida ishtirok etish, malaka oshirish boʻyicha masofaviy kurslar, vebinarlar koʻrish, elektron taʼlim modullarini tamomlash, oʻquv konferensiyalarida ishtirok etish, oʻquv mashgʻulotlarida murabbiy yoki oʻqituvchi sifatida ishtirok etish, asarlar nashr etish malaka oshirish sifatida hisoblanishi mumkin.

Ukrainada advokat malaka oshirishni baholashning uch yillik davri davomida kamida 30 reyting ball olishi zarur, bunda har yili kamida 10 reyting ball toʻplangan boʻlishi lozim.

Reyting ballarini olish huquqini beruvchi advokatning malakasini oshirish tadbirlar va faoliyatlar roʻyxati advokatlar ittifoqi tomonidan belgilab berilgan.

Ukrainada advokatlar malaka oshirishining “anʼanalashgan” turi bu advokatning seminar, davra suhbati. konferensiya, trening va boshqa shu kabi malaka oshirish boʻyicha tadbirlarda ishtirok etishi hisoblanadi.

Xorijiy tajriba shuni koʻrsatadiki, malaka oshirishning qaysi shakli advokatlik hamjamiyati va advokatga koʻproq toʻgʻri kelishi, uning barcha ehtiyoj va imkoniyatlariga javob berishi (vaqt, joy, moddiy resurslar va boshqalar) advokatlarga tanlash huquqi asosida beriladi.

Taʼkidlash joizki, hozirda Adliya vazirligi hamda Advokatlar palatasi tomonidan hamkorlikda ishlab chiqilgan Oʻzbekiston Respublikasida advokatura institutini rivojlantirish Konsepsiyasi loyihasida advokatlarning malakasini oshirish tizimini bosqichma-bosqich takomillashtirish vazifasi belgilanmoqda.

Albatta, ilgʻor xorijiy tajriba asosida advokatlar malakasini oshirish tizimining zamonaviy mexanizmlarini shakllantirish, akademik oʻquv kurslari bilan chegaralanib qolmasdan, advokatning uch yillik davrdagi intellektual faolligi hisobiga reyting ball yigʻib borish tizimini joriy etish advokatlarning oʻz bilimlarini doimiy ravishda takomillashtirib borishiga, oʻz navbatida jismoniy va yuridik shaxslarga koʻrsatilayotgan yuridik yordam sifati oshishiga xizmat qiladi. 

Eldor Mahkamov,

Adliya vazirligi Yuridik taʼlim va sud-ekspertiza

faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi

boshligʻi oʻrinbosari