Oʻzbekistonning Vashingtondagi elchisi Javlon Vahobov AQSHning diniy erkinlik sohasidagi maxsus topshiriqlar boʻyicha elchisi Sem Braunbek bilan muzokaralar olib bordi, deya xabar qiladi “Dunyo” AA.
Oʻzbekiston elchixonasining xabar berishicha, Davlat departamentining vakili mamlakatimizda diniy tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibini soddalashtirish boʻyicha qonunchilikni takomillashtirish borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlarni, shuningdek, xalqaro ekspertlar bilan birgalikda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida” yangi qonun loyihasini ishlab chiqish haqidagi harakatlarni olqishladi.
- Oʻzbekiston tomonidan qoʻyilayotgan ijodiy qadamlar, jumladan, bolalar qarindoshlari bilan masjidga borishlari mumkinligi haqidagi ommaviy eʼlonni eshitib, juda xursand boʻldim,- dedi Sem Braunbek. – Biz kelgusi qadamlar diniy erkinlik va diniy sabablarga koʻra qamalgan mahbuslarni ozod qilish toʻgʻrisidagi qonun loyihasi qayta koʻrib chiqilishi bilan bogʻliq boʻlishini kutmoqdamiz.
Elchixonaning maʼlum qilishicha, 16-noyabr kuni diniy erkinliklar boʻyicha navbatdagi vazirlar konferensiyasi Polsha poytaxti Varshavada oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Elchi Sem Braunbek Oʻzbekiston delegatsiyasining xalqaro konferensiyada ishtirok etishga va “diniy erkinlikni ochiq va inklyuziv jamiyatda targʻib qilish modeli” namoyish qilinishiga umid bildirdi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston delegatsisi tashqi ishlar vaziri darajasida 2018 va 2019-yillarda Vashingtonda boʻlib oʻtgan ikkita konferensiyada ishtirok etgan.
2018-yilda AQSH Davlat departamenti Oʻzbekistonni “diniy erkinliklar bilan bogʻliq alohida xavotirli davlatlar” roʻyxatidan olib tashladi. Joriy yilning iyun oyida diniy erkinlik toʻgʻrisidagi navbatdagi maʼruzani eʼlon qilish paytida AQSH Davlat kotibi Maykl Pompeo Oʻzbekistonni rivojlanib borayotgan davlatlar qatorida alohida taʼkidlab, ushbu mamlakat diniy erkinliklar bilan bogʻliq vaziyatni yaxshilash uchun jiddiy qadamlar qoʻyishda davom etayotganini aytib oʻtgan edi.