Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar akseleratori (akselerator) doirasida vazirliklar va idoralar rahbariyati hamda Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) kuratorlari ishtirokida onlayn konferensiya oʻtkazildi.

Akcelerator doirasida 100 kun ichida qurilishga ruxsat berish jarayonini soddalashtirish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, shaharlarning bosh rejalarini ishlab chiqish, kommunal toʻlovlarning yagona hisob-kitob tizimini yaratish yoʻnalishlari boʻyicha muammolar hal qilindi.

Tadbirda Oʻzbekiston tomonidan yetmishdan ortiq vazirlik va idoralar vakillari, korxonalar rahbar xodimlari, amirlik tomonidan BAA hukumat ishlari vazirligi bosh direktorining yetakchilik va hukumat salohiyati boʻyicha yordamchisi, doktor Yassir al-Naqbi va BAA hukumat akseleratori direktori, doktor Radhiya al-Hashimiy qatnashdi.

Belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha muammolarni hal qilish jarayoniga qirqqa yaqin vazirlik va davlat idoralari, xususiy sektor vakillari, ilmiy markazlar va boshqa turdagi tashkilotlar xodimlari jalb qilindi. Garvard universiteti va Birlashgan Arab Amirliklarining hukumat akseleratori bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan metodikaga asoslangan holda akcelerator guruhlari uchun seminarlar tashkil etildi.

Ishtirokchilarga Oʻzbekistonda makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining uzluksiz ishlashini taʼminlash, mahalliy va xorijiy kompaniyalar faoliyatini ragʻbatlantirish, shuningdek, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash paytida aholini samarali ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

Tadbir davomida guruh koordinatorlari tomonidan 100 kunlik tegishli yoʻnalishlar boʻyicha amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar taqdim etildi.

Qurilishga ruxsat berish tizimi soddalashdi

Bugunga qadar qurilish sohasida salmoqli ijobiy oʻzgarishlarga erishildi. Jumladan, qurilishga ruxsat berish jarayoni 84 kunga qisqartirildi. Shu bilan birga, ruxsatnomalarni berish muddatidagi kechikishni optimallashtirish va bartaraf etish boʻyicha keyingi ishlar davom etmoqda.

Tegishli vazirlik va idoralarning har biri ruxsat berish jarayoniga jalb qilingan Davlat xizmatlari agentligi bilan birgalikda oʻzlarining hududiy organlari faoliyatini nazorat va monitoring qilishning elektron tizimini yaratish uchun onlayn platformani birlashtirmoqda.

Ruxsatnomalar berish jarayonida ishtirok etuvchi tegishli vazirlik va idoralar tomonidan ularning hududiy organlari faoliyatini nazorat qilish va monitoringini olib borish elektron tarzda tizimli yoʻlga qoʻyish yuzasidan elektron hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.

Shaharlarning bosh rejalari ishlab chiqishdagi qulayliklar

Akselerator guruhi tomonidan 100 kunlik muddat ichida “Hududlarni rivojlantirish va qurilishini rejalashtirish boʻyicha shaharsozlik hujjatlarining tarkibi, ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma qayta ishlab chiqildi.

Yoʻriqnomani qayta ishlab chiqishdan asosiy maqsad shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishni soddalashtirish, ishlab chiqish uchun ajratilayotgan mablagʻlarni tejash, ishlab chiqilgan shaharsozlik hujjatlarini tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishish sohasida bir qator qulayliklar yaratilishi koʻzda tutilgan. Jumladan, har bir tuman, shahar, shaharcha va qishloq (ovul) aholi punktlari boʻyicha mahalliy hokimlik organlari tomonidan hokimlikning elektron saytida maʼlumotlar bazasini tashkil etish tartibini joriy etish orqali boshlangʻich maʼlumotlarni olish jarayoni soddalashtirildi.

Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha belgilangan tartibni soddalashtirish orqali ish hajmi qisqartirildi.

Shaharsozlik hujjatlarini tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri xokimliklari hamda hududiy boshqarma va boʻlimlar bilan elektron tartibda kelishishni joriy etish belgilandi.

Buyurtmachi tomonidan kiritilganidan soʻng bosh rejalarni ishlab chiqish muddati 12 oydan 10 oy muddatga qisqartirilishi koʻzda tutildi.

Bosh rejalarni ishlab chiqish uchun ajratilayotgan mablagʻlarni 3–19 foizgacha kamaytirish boʻyicha tegishli takliflar ishlab chiqildi.

Kommunal xizmatlar sohasidagi muammolar hal qilinadi

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida uy-joy kommunal xizmatlarining barcha hisob-kitob tizimidagi maʼlumotlar qayta ishlandi va isteʼmolchilarning JSHSHIR (PINFL) raqamlarini kommunal korxonalarning billing tizimlariga kiritish va doimiy maʼlumotlar almashinuvi yoʻlga qoʻyildi.

Loyiha doirasida kommunal xizmat korxonalari tomonidan 20 millionga yaqin isteʼmolchining maʼlumotlari qayta ishlandi. Bundan tashqari, foydalanuvchilarning kadastr maʼlumotlariga kirish kommunal xizmatlarning talablariga binoan taqdim etilishi belgilab qoʻyildi.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishdagi qadamlar

“Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish” loyihasi doirasida Toshkent viloyati Boʻka tumanidagi 55 nafar ayolning roʻyxati tuzildi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda ular uchun malaka oshirish kurslari tashkil etildi.

Kurs natijalari boʻyicha ayollar yuridik shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtkazildi. Ularga Xalq banki, Mikrokreditbank va Agrobank tomonidan imtiyozli kreditlar berildi.

Loyiha vazirlik va idoralar vakillari, Boʻka tumani hokimligi ishtirokida maxsus tuzilgan ishchi guruh tomonidan muvofiqlashtirildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining

jamoatchilik bilan aloqalar xizmati