“Zakovat” intellektual olimpiadasi gʻoliblariga 4,5 mlrd soʻm Prezident sovgʻasi sifatida topshirildi

    Oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida oʻtkazilgan “Zakovat” intellektual olimpiadasi yakunlandi.

    Tadbir Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, “Zakovat” intellektual klubi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida oʻtkazildi.

    Intellektual olimpiadada respublika boʻyicha 132 ta OTMdan 1056 nafar talaba ishtirok etdi. Hududiy bosqichlar natijasiga koʻra, 50 ta OTM va 550 nafar talaba finalga yoʻl oldi.

    15-18-dekabr kunlari talabalar “Zakovat”, “Breyin-ring”, “Erudit-kvartet”, shaxsiy oʻyin, shaxmat va shashka yoʻnalishlarida bellashdi.

    Musobaqaning jami sovrin jamgʻarmasi 5,4 mlrd soʻmni tashkil etdi. Shundan 4,5 mlrd soʻm musobaqada umumjamoa hisobida kuchli uchlikka kirgan OTMlarga Prezident sovgʻasi sifatida topshiriladi.

    18-dekabr kuni boʻlib oʻtgan yopilish marosimida musobaqaning barcha gʻolib va sovrindorlari taqdirlandi.

    Shuningdek, umumjamoa hisobida yuqori oʻrinlarni egallagan quyidagi jamoalarga Prezident sovgʻasi topshirildi:

    • 1-oʻrin — Oʻzbekiston Milliy universiteti (2 mlrd soʻm)
    • 2-oʻrin — Toshkent davlat tibbiyot universiteti (1,5 mlrd soʻm)
    • 3-oʻrin — Fan va texnologiyalar universiteti (1 mlrd soʻm)

    Shuningdek, turli yoʻnalishlar boʻyicha gʻolib boʻlgan talabalarga 900 mln soʻm mukofot ajratildi.

    Intellektual olimpiada doirasidagi “Zakovat” oʻyini gʻoliblari magistraturaga imtihonsiz qabul qilinadi, stipendiya bilan taʼminlanadi hamda xalqaro taʼlim va stajirovka dasturlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻladi.