Yosh xodimlarning intellektual salohiyatini oshirish, Vatan tarixi, milliy qadriyatlar va ma’naviy merosga oid bilimlarini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan tanlovda vazirlikning tarkibiy va hududiy bo‘linmalaridan saralangan 18 ta jamoa ishtirok etdi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bellashuvlar yakuniga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Toshkent shahar IIBB jamoasi ikkinchi, Navoiy viloyati IIB jamoasi esa uchinchi o‘rin sohibi bo‘ldi.
G‘olib va sovrindorlar diplom, kubok, medallar, esdalik sovg‘alari hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Shuningdek, g‘olib jamoaga Qurolli Kuchlar tizimi o‘rtasida o‘tkaziladigan “Ajdodlar izidan” intellektual tanlovining respublika finalida ishtirok etish huquqini beruvchi maxsus yo‘llanma topshirildi.
Mazkur tanlov yosh xodimlarda tarixiy xotira, milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, ularning bilim va tafakkur salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qildi.