Bugun mahalla iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy taraqqiyotning boshlang‘ich nuqtasi sifatida qaralmoqda. Davlatimiz rahbarining joriy yil 16 fevraldagi “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risidagi farmoni doirasida belgilab berilgan asosiy vazifalar ana shu strategik yondashuvning mantiqiy davomidir.
Mazkur strategiya
doirasida kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini
shakllantirish masalasi alohida ahamiyat kasb etdi. Negaki mehnat bozorida yuz
berayotgan chuqur tarkibiy o‘zgarishlar, raqamli texnologiyalar ta’sirida
shakllanayotgan kasb yo‘nalishlari, an’anaviy mutaxassisliklarning tezkor
yangilanishi jamiyat oldiga mutlaqo yangi talablarni qo‘ymoqda. Endilikda shaxsning
barqaror hayotiy pozitsiyasi birgina diplom bilan belgilanmaydi, uning doimiy
o‘rganishga tayyorgarligi, moslashuvchan tafakkuri, amaliy ko‘nikmalari va raqobatbardosh
malakasi bilan aniqlanadi.
Farmonda belgilangan
chora-tadbirlar aynan shu ehtiyojlar hosilasi bo‘lib, ular mehnat bozori va kasbiy
ta’lim tizimini o‘zaro uzviy bog‘liq yagona mexanizm sifatida qayta shakllantirishga
qaratilgan. Mahallalarda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalarini
rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish, aholini kasbga yo‘naltirish hamda qayta
tayyorlash orqali hududiy bandlikni ta’minlash uning markaziy yo‘nalishlaridan.
Xususan, mazkur huquqiy hujjat bilan mustahkamlab qo‘yilgan Kasblarni
rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish bo‘yicha ustuvor
islohotlar dasturi yigit-qizlarni erta yoshdan kasbga yo‘naltirish, mustaqil kasb
o‘rgangan aholi malakasini rasmiy tan olish, kam ta’minlangan va ishsiz aholini
o‘qitish orqali bandlikni oshirish, texnikumlarnig institutsional salohiyatini
kuchaytirish, halqaro tajribalarni joriy etish hamda raqamli platformalar
orqali ishga joylashishni tizimlashtirish kabi jarayonlarni institutsional ravishda
tartibga solishni nazarda tutadi.
Kasbiy yo‘naltirishning erta bosqichda yo‘lga qo‘yilishi
Mehnat
bozorida ko‘zga yaqqol tashlanayotgan muammolardan biri o‘sib kelayotgan avlodning
kasb tanlash borasida aniq tasavvurga ega bo‘lmasdan voyaga etishidir. Aynan shu
holat ularga erta bosqichdan qiziqishlariga ko‘ra konkret ilmiy asosga ega
yo‘l-yo‘riq berish, ya’ni kasbiy yo‘naltirishni maktab davridayoq boshlash zaruratini
yuzaga chiqardi. Farmonda belgilangan “Kasblar shaharchalari” tashabbusi ana shu
bo‘shliqni to‘ldirishga qaratilgan tizimli echimdir. 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand,
Farg‘ona viloyatlarida tashkil etiladigan “shaharchalar”da o‘quvchilar to‘g‘ridan to‘g‘ri
real ishlab chiqarish jarayonini, texnik uskunalarni, ustaxonadagi mehnat muhitini,
xizmat ko‘rsatish sohasining ichki mexanizmlarini o‘rganishi mumkin.
Ushbu jarayonning muhim
jihati shundaki, o‘quvchi o‘z qobiliyatini amaliy faoliyat orqali baholay oladi. Test
va zamonaviy interfaol usullar orqali kasbiy moyillikni aniqlash mexanizmlari
joriy etiladi. Zero, zamonaviy iqtisodiyot sharoitida bilim bilan bir qatorda
shaxsiy salohiyat, fikrlash uslubi, moslashuvchanlik darajasi hal qiluvchi
omillardan. Ilmiy asoslangan diagnostika usullari esa o‘quvchilarning qaysi
yo‘nalishda samarali faoliyat yurita olishini aniqlashga xizmat qiladi. Erta kasbiy
yo‘naltirish tizimi hududiy rivojlanish bilan ham uzviy bog‘liq. Har bir viloyatning
sanoat profili, ishlab chiqarish salohiyati, xizmatlar bozori ehtiyoji inobatga
olingan holda kadrlar tayyorlanadi. Shu bilan birga, “Kasblar shaharchalari”
maktab, texnikum, mahalla va ish beruvchilar o‘rtasida uzviy hamkorlik muhitini
yuzaga keltiradi.
Bu borada ko‘pincha
e’tibordan chetda qoladigan yana bir jihat bor — muayyan kasbni rasmiy ta’lim
muassasalarida emas, balki mustaqil ravishda, amaliy faoliyat jarayonida o‘rganish
amalIYoti. Qurilishda ishlayotgan yoshlar, xizmat ko‘rsatish sohasida tajriba
orttirayotganlar, ustaxonalarda, kichik korxonalarda, oilaviy biznesda mehnat
qilayotgan minglab insonlar real malakaga ega bo‘lsa-da, ularning bilim va
ko‘nikmalari ko‘pincha hujjat bilan tasdiqlanmagan holda qolmoqda. Shu sababli
bunday fuqarolar mehnat bozorida o‘z salohiyatini to‘liq namoyon eta olmaydi,
barqaror ish topishda qiyinchiliklarga duch keladi, malakasiga mos daromadga
erisholmaydi. Aynan mana shu muammo farmonda belgilangan malaka sertifikatlasH
tizimini joriy etish tashabbusining asosiy sabablaridan biridir.
2026 yildan boshlab har
bir hududning sanoat ixtisoslashuvi, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish xususiyatlaridan
kelib chiqib, 24 ta malakani baholash markazini tashkil etish rejalashtirilgan. 60
ta dolzarb kasb bo‘yicha baholash vositalari ishlab chiqilib, ekspertizadan
o‘tkaziladi. Shu bilan birga, 120 nafar baholovchi ekspertning malakasi oshiriladi
va professional ekspertlar korpusi shakllantiriladi. Mustaqil kasb o‘rganib,
moliyaviy imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun malakani baholash xarajatlari va
voucher tizimi asosida Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan
qoplanadi.
Aholiga
100 dan ortiq kasb bo‘yicha mustaqil bilim olish imkoniyatini yaratadigan “Kasbiy
rivojlanish platformasi” ishga tushirilmoqda. Platformada o‘quv materiallari,
videodarslar, simulyatsion mashqlar joylashtiriladi hamda o‘qish yakunida sertifikat
berish tizimi joriy etiladi. Shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi, Kambag‘allikni
qisqartirish va bandlik vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Migratsiya
agentligi hamda Savdo-sanoat palatasining elektron platformalari yagona “Kasbiy
rivojlanish platformasi”ga integratsiya qilinadi. Platformaning muhim jihatlaridan
biri o‘rganilayotgan kasbni simulyatsion mashqlar orqali ham egallash imkoniyatining
yaratilishidir. Virtual muhitda ishlab chiqarish jarayonlarini
modellashtirish, texnik qurilmalar bilan ishlashni mashq qilish,
xizmat ko‘rsatish vaziyatlarini sinab ko‘rish foydalanuvchilarning amaliy
tayyorgarligini kuchaytiradi. Bu usul, ayniqsa, murakkab va texnologik
yo‘nalishlarda samarali hisoblanadi.
Yoshlarning “Karyera”si
Dunyo ta’lim tizimi
tajribasi ko‘rsatadiki, barqaror iqtisodiy rivojlanishga erishgan davlatlarda
kasbiy ta’lim umumta’lim maktablaridan keyingi “ikkinchi darajali tanlov”
sifatida qaralmaydi. Aksincha, Germaniya, Shveytsariya, Janubiy Koreya kabi
mamlakatlarda texnik va kasbiy ta’lim yoshlarni mehnat bozoriga olib kiruvchi
asosiy platforma sanaladi. O‘zbekiston sharoitida ham so‘nggi yillarda aynan shu
modelga yaqinlashish ehtiyoji kuchayib bormoqda. Maktab bitiruvchilarining aksariyati
uzoQ vaqt davomida oliy ta’limni yagona muvaffaqiyat mezoni sifatida qabul qilib
kelgan. Oqibatda oliy ta’limga kira olmagan minglab yoshlar aniq kasbiy
yo‘nalishsiz qolib ketgan, vaqtincha ishlarga, norasmiy bandlikka yoki migratsiyaga
yo‘nalgAN. Bu holat yoshlar salohiyatining to‘liq namoyon bo‘lishiga to‘sqinlik qilgan.
Shu
sababli farmonda yoshlarni texnikumlarga ongli va tizimli ravishda yo‘naltirish alohida
ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Ushbu siyosatning markazida 11-sinf
bitiruvchilari bilan individual ishlash mexanizmi turadi. 2026 yil 1 apreldan
boshlab oliy ta’limga qiziqishi yuqori bo‘lmagan o‘quvchilarni aniqlash tizimi joriy
etiladi. Mazkur tizim orqali har bir bitiruvchi uchun eng maqbul ta’lim
yo‘nalishlari tavsiya etiladi. “Kasb tanlash haftaligi” tadbirlari maktablarda
tizimli ravishda o‘tkazilib, o‘quvchilarga turli kasblarning real mazmuni, mehnat
sharoiti, rivojlanish istiqbollari, daromad manbalari haqida batafsil ma’lumot beriladi. Texnikumlarda o‘qitiladigan mutaxassisliklar amaliy misollar orqali tushuntiriladi,
muvaffaqiyatli mutaxassislar hayotiy tajribasi bilan o‘rtoqlashadi.
2026 yil may-avgust
o ylaridan e’tiboran texnikumlar faoliyati bilan yaqindan tanishtirish ishlari
kengaytiriladi. Rejaga muvofiq, 2026/2027 o‘quv yilida texnikumlarda o‘qish
istagida bo‘lgan yoshlarni qabul qilish jarayoni keng ko‘lamda amalga oshiriladi. Oliy
ta’limga kirish istagida bo‘lmagan 200 mingga yaqin o‘quvchini kasbga o‘qitish
rejalashtirilgan.
Bundan
tashqari, doimiy daromad manbai bo‘lmagan, zamonaviy mehnat bozori talablariga
moslashishda qiynalayotgan qatlam uchun ham alohida imtiyoz va imkoniyatlar yaratish
nazarda tutilmoqda. Unga ko‘ra, 400 ming band bo‘lmagan shaxs hamda kam
ta’minlangan oilalarning ishsiz a’zosi kasb-hunar, xorijiy tillar va
tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitiladi. Band bo‘lmagan shaxslar va ijtimoiy
reyestrga kiritilgan oilalarning ishsiz a’zolari uchun kasb-hunar, xorijiy tillar
va tadbirkorlik bo‘yicha ta’lim beruvchi davlat hamda nodavlat muassasalari
ro‘yxati shakllantiriladi. Shu bilan birga, mazkur toifa uchun qisqa muddatli o‘quv
kurslari dasturlari ishlab chiqiladi.
Albatta, kasbiy ta’lim
tizimining yakuniy natijasi diplom bilan belgilanmaydi. Uning haqiqiy
samaradorligi bitiruvchining qanchalik tez va barqaror tarzda mehnat bozoriga
kirib borishi, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha munosib ish topa olishi bilan namoyon
bo‘ladi. Agar ta’lim jarayoni ish bilan ta’minlash mexanizmlari bilan uzviy
bog‘lanmagan bo‘lsa, eng puxta tayyorlangan kadr ham uzoq vaqt ish izlash holatida
qolib ketishi mumkin. Shu sababli farmonda bitiruvchilarni mehnat bozoriga olib
chiqish jarayonlarini raqamlASHTIRISH va tizimlashtirish masalasiga alohida e’tibor
qaratilgan. Mazkur yo‘nalishda eng muhim tashabbuslardan biri 2026/2027 o‘quv
yilidan boshlab “Karyera” elektron platformasini ishga tushirishdir. Ushbu platforma
oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlari talabalari hamda bitiruvchilarini ish
beruvchilar bilan bevosita bog‘lovchi raqamli mehnat bozori vazifasini o‘tashi
lozim. Uning asosiy vazifasi ta’lim tizimi bilan real iqtisodiyot o‘rtasidagi
uzilishni bartaraf etishdan iborat.
“Karyera” platformasi
orqali talabalar va bitiruvchilar o‘z malakasi, bilim darajasi, qiziqishlari,
amaliy tajribasi haqida to‘liq ma’lumot joylashtiradi. Ish beruvchilar esa mavjud
vakant ish o‘rinlari, talab etilayotgan kompetensiyalar, ish sharoitlari haqida ochiq
axborot taqdim etadi. Platformaning muhim jihatlaridan biri sun’iy intellekt
texnologiyalaridan foydalanishdir. Mazkur texnologiyalar orqali talabalar va
bitiruvchilarning qobiliyati, o‘zlashtirish darajasi, qiziqish yo‘nalishlari tahlil
qilinadi hamda ularga mos ish o‘rinlari tavsiya etiladi. Ish beruvchilarga esa eng
munosib nomzodlar tanlab beriladi. Bu yondashuv tasodifiy tanlovlarni
kamaytiradi, kadrlar va ish o‘rinlari o‘rtasidagi moslik darajasini oshiradi.
Farmonda bitiruvchilarning
ishga joylashish jarayonlari ustidan avtomatlashtirilgan monitoring tizimini joriy
etish ham belgilangan. Ushbu mexanizm orqali qaysi ta’lim muassasasining
bitiruvchilari qaerda va qanday sharoitda ish boshlayotgani, qaysi yo‘nalishlarda
muammolar mavjudligi muntazam tahlil qilinadi. Bu ma’lumotlar asosida ta’lim
dasturlarini takomillashtirish, yangi yo‘nalishlarni ochish, mavjudlarini yangilash
imkoniyati yaratiladi.
“Karyera”
platformasi orqali 1,6 million talaba va bitiruvchi uchun kasb tanlash hamda ish
topish imkoniyatini kengaytirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, 50 mingdan ortiq
ish beruvchini platformaga integratsiya qilish ko‘zda tutilgan. Texnikum
bitiruvchilari orasidan kamida 150 ming nafari uchun munosib ish topish sharoitlari
yaratiladi. Mazkur tizim mehnat bozorida ishonch muhitini shakllantiradi. Bitiruvchi
o‘z bilim va ko‘nikmalariga tayangan holda ish topishiga ishonadi, ish beruvchi esa
nomzodning tayyorgarlik darajasini aniq ko‘ra oladi.
Kasbiy ta’limning
samaradorligi ko‘p jihatdan real ishlab chiqarish muhiti bilan qanchalik uzviy ekaniga
ham bog‘liq. Mazkur yo‘nalish doirasida kasbga o‘rgatish uchun texnikum o‘quvchilarini
ishga qabul qilgan tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muhim
soliq imtiyozlari joriy etilmoqda. Xususan, texnikum bitiruvchilarini va
o‘quvchilarini ishga qabul qilgan tadbirkorlarga o‘quvchilarga to‘lanadigan ish
haqidan olinadigan ijtimoiy soliqni 1 foiz stavka bo‘yicha to‘lash huquqini 2030
yilgacha uzaytirish nazarda tutilgan. Ushbu mexanizm bo‘yicha tegishli qonun loyihasi
ishlab chiqilib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladi.
“Yangi O‘zbekiston
bunyodkorlari”
Bugungi iqtisodiy muhit
tezkor o‘zgaruvchanlik bilan xarakterlanadi. Ishlab chiqarish jarayonlari
automatlashtirilib, raqamli boshqaruv tizimlari kengaymoqda, xizmat ko‘rsatish
standartlari yangilanmoqda. Pedagoglar doimiy ravishda o‘z bilimini yangilab
bormasa, ta’lim tizimining real iqtisodiy jarayonlardan uzilib qolishi ehtimoli
yuqori. Shuning uchun malaka oshirishni an’anaviy, davriy va formal jarayon sifatida
emas, balki uzluksiz rivojlanish mexanizmi sifatida tashkil etish zarurati yuzaga
kelgan.
Farmonga
muvofiq, masofaviy va aralash shaklda tashkil etiladigan malaka oshirish kurslari
ulushini 22 foizga yetkazish rejalashtirilyapti. 2026 yil mart oyidan boshlab
masofaviy malaka oshirish kurslari uchun maxsus o‘quv kontentlari ishlab chiqiladi.
Kontentlar zamonaviy pedagogik metodlar, ishlab chiqarishdagi yangi texnologiyalar,
amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish usullari hamda baholash mexanizmlarini o‘z
ichiga oladi.
Masofaviy va aralash shakl
joriy etilishi ta’lim jarayonini yanada moslashuvchan qiladi. Har bir pedagog o‘z ish
jadvali va shaxsiy imkoniyatidan kelib chiqib malakasini oshiradi. Uch yoshgacha
farzandi bor, nogironligi mavjud, nafaqa yoshiga yetgan boshqaruv va pedagog
kadrlar uchun ham sharoit yaratiladi. 2026 yil dekabr oyiga qadar mazkur
toifadagi xodimlar ehtiyojiga ko‘ra masofaviy yoki aralash shaklda malaka oshirish
tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yiladi.
Ta’lim
sifatini oshirishda pedagog bilan bir qatorda texnikum rahbarining boshqaruv
uslubi, strategik qarashlari, resurslardan foydalanish samaradorligi ham muhim
omildir. Shu bois, farmonda texnikum direktorlarI va o‘rinbosarlariga menejerlik
sertifikati berish tizimini joriy etish belgilangan. Menejerlik sertifikati olish
jarayoni rahbarlarning bilimini baholash, ularni zamonaviy boshqaruv tamoyillari
asosida o‘qitish orqali amalga oshiriladi. Strategik rejalashtirish, moliyaviy
boshqaruv, inson resurslari bilan ishlash, ta’lim sifatini monitoring qilish kabi
yo‘nalishlar o‘quv kurslarining asosiy mazmunini tashkil etadi. 600 nafardan ortiq
rahbar va o‘rinbosar menejerlik bo‘yicha o‘qitiladi va ularning boshqaruv salohiyati
mustahkamlanadi. Texnikum direktoriga 50 foiz, o‘rinbosariga 30 foiz miqdorida
har oylik ustama berilishi boshqaruv sifati va mas’uliyat darajasini oshiradi.
Bu
borada xorijiy tajriba ham asqatadi. Rivojlangan davlatlar amaliyoti
ko‘rsatadiki, kasbiy ta’limda barqaror natijalarga erishish uchun xalqaro standartlar,
zamonaviy metodikalar va ilg‘or texnologiyalar bilan uzviy uyg‘unlik zarur. Shu
ma’noda, texnikumlar faoliyatiga xalqaro ta’lim tajribalarini keng joriy etish
dolzarb masalalardan. Farmonga muvofiq, Germaniya, Shveytsariya, Xitoy, Koreya
Respublikasi va Buyuk Britaniya kabi davlatlarning xalqaro ta’lim dasturlari
asosida kadrlar tayyorlaydigan texnikumlar ro‘yxati shakllantiriladi.
Texnikumlarda xalqaro ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlanadigan 60 ta
kasb va mutaxassislik bo‘yicha ta’lim dasturlari ishlab chiqiladi. Dasturlar ishlab
chiqarish ehtiyojlari, texnologik rivojlanish darajasi hamda kasbiy kompetensiyalar
asosida shakllantiriladi. 2026 yil 1 noyabrgacha xalqaro ta’lim dasturlari
asosida kamida 8 ming o‘quvchini qamrab olish rejalashtirilgan.
Kasbiy ta’lim tizimida
barqaror natijaga erishish faqat o‘quv dasturlari va moddiy-texnik baza bilan
belgilanmaydi. Yoshlarning o‘qishga munosabati, ichki intilishi, kelajakka ishonchi ham
ta’lim samaradorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Agar o‘quvchi o‘z mehnati va
sa’y-harakatlari jamiyat tomonidan qadrlanayotganini his qilsa, u bilim olish
jarayoniga mas’uliyat bilan yondashadi, o‘z ustida ko‘proq ishlaydi, kasbiy mahoratini
o‘stirishga intiladi. Shu sababli farmonda yoshlarni moddiy va ma’naviy jihatdan
qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan rag‘batlantirish mexanizmlariga alohida e’tibor
qaratilgan.
Mazkur yo‘nalishda eng
muhim tashabbuslardan biri texnikumlarda dual ta’limda tahsil olayotgan o‘quvchilar
uchun stipendiya tizimini joriy etishdir. 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab dual
ta’limda o‘qiyotgan o‘quvchilarga davlat byudjeti hisobidan stipendiya to‘lash amaliyoti
yo‘lga qo‘yiladi. Bunda har bir o‘quvchiga fanlarni o‘zlashtirish darajasidan qat’i
nazar, bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida stipendiya beriladi.
Fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 85 foizdan yuqori hamda respublika va xalqaro
tanlovlar g‘oliblari bo‘lgan o‘quvchilarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari
miqdorida stipendiya to‘lanadi. Mazkur rag‘batlantirish tizimi orqali
texnikumlarning 100 mingdan ortiq o‘quvchisini qamrab olish rejalashtirilgan.
Yoshlarni rag‘batlantirish
tizimining yana bir muhim yo‘nalishi — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini
uchun “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovi tashkil
etilishi. Tanlov texnikum o‘quvchilari, yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida kasblar
bo‘yicha o‘tkaziladi. Tanlov doirasida dolzarb 10 ta kasb belgilanadi, hududlar
kesimida 700 nafar sovrindor saralab olinadi, respublika miqyosida esa 120 nafar
g‘olib aniqlanadi. G‘oliblar va ularning ustozlari 4,9 million so‘mdan 41,2
million so‘mgacha miqdorda rag‘batlantiriladi. Xalqaro musobaqalarda g‘olib bo‘lgan
ishtirokchilar esa 1 milliard so‘mgacha mukofot bilan taqdirlanadi.
Kasbiy
ta’limni yangilashga qaratilgan strategik yondashuv aslida iqtisodiy dasturdan ko‘ra
kengroq ma’noga ega. U jamiyatning o‘zini anglash, mehnatga munosabatini qayta
ko‘rib chiqish, shaxs va davlat o‘rtasidagi mas’uliyat muvozanatini mustahkamlash
jarayonidir. Mehnat bozori arxitekturasini qayta shakllantirish tashabbusi
insonning qadr-qimmati uning aniq amaliy salohiyati, yaratuvchanligi va
mas’uliyatiga bog‘liq degan tamoyilni ijtimoiy ongga singdiradi. Ya’ni mahalla,
ta’lim muassasasi, tadbirkorlik subyekti va davlat instituti o‘rtasidagi uzviylik jamiyatni ichkaridan
mustahkamlaydi. Mehnatga hurmat, malakaga e’tibor, ustoz-shogird an’anasining
zamonaviy talqini, adolatli raqobat muhiti — bularning barchasi barqaror
taraqqiyotga xizmat qiladi. Inson salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan har
bir qadam davlat siyosatini ijtimoiy ishonch bilan boyitadi, ishonch esa, o‘z
navbatida, taraqqiyotning eng mustahkam tayanchiga aylanadi.
Asliddin
ABDURAZZOKOV,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri