Internet orqali savdolarni amalga oshirish jarayoni odamlarning vaqtini tejaydi, ularning karantin tartib-qoidalariga amal qilishi, odamlar koʻp joylarga, bozorlar, savdo markazlariga bormasligini, koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish xavfini kamaytiradi. Biroq ayni shu jarayonda internetdagi onlayn savdolar firibgarlarning turli sxemalarni amalga oshirishida qoʻl kelyapti.
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining aksariyati yana bir firibgarlik sxemasi paydo boʻlgani haqida postlar qoldirib, ushbu holatga munosabat bildirmoqda.
Firibgar foydalanuvchiga murojaat qilib tijorat maqsadida shaxsiy biznesni – turli buyumlar, mahsulotlar, dori vositalari, preparatlar va yana boshqa narsalar sotishni yoʻlga qoʻyishni taklif qiladi. Boshlanmasiga 500 ming soʻm yoki 1 million soʻm atrofidagi mablagʻ bilan savdoni yoʻlga qoʻyib, yaxshi daromad qilish mumkinligini tushuntiradi. Noqonuniy savdo taklif etgan firibgarlar yengil pul topmoqchi, tijorat qilmoqchi boʻlgan shaxsdan dastlabki mablagʻni elektron shaklda qabul qilib olgach, pullarni qaytarmaydi va bundan biznes boshlamoqchi boʻlgan foydalanuvchi zarar koʻradi.
Ikki tomon oʻrtasida hech qanday qonuniy hujjatning yoʻqligi, foydalanuvchining oʻzi firibgarga ishonib plastik kartasidagi mablagʻni oʻtkazib bergani ishni yana-da chigallashtiradi.
“Oʻzkomnazorat” davlat inspeksiyasi messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlarda bu kabi “tarmoqli marketing”, “yangicha biznes”, “katta daromad keltiradigan ish” kabi eʼlonlarni diqqat bilan koʻzdan kechirish lozimligini eslatib oʻtadi. Foydalanuvchilarga shu kabi tijorat yoʻllarini taklif qilayotgan begona shaxslarga plastik karta raqami, pasport maʼlumotlari va boshqa shaxsiy axborotlarni oshkor qilmaslik, ularning hisob raqamiga oʻz pullarini oʻtkazib bermaslik tavsiya etiladi.
Bir soʻz bilan aytganda, Internetda turli buyumlar, mahsulotlar savdosini taklif qilib, elektron hisobdagi mablagʻlarni oʻzlashtirib oluvchi firibgarlardan ogoh boʻlishga chaqiradi.
“Oʻzkomnazorat” davlat inspeksiyasi matbuot xizmati.