Oʼquvchilarning risoladagidek bilim olishi, ularni mustaqil hayotga tayyorlash, bilim samaradorligini oshirishda maktab darsliklari asosiy vositalardan biridir. Oʼquvchi darslikdan  bilim oladi, tajriba toʼplaydi va uni oʼz hayotida qoʼllashni oʼrganadi. Shunday ekan, darsliklarning mukammalligi har makon va zamonda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Eʼtiborsizlik tufayli unda yoʼl qoʼyilgan birgina xato ulgʼayib kelayotgan oʼquvchi hayotini tamomila teskari burib yuborishi hech gap emas.

Davlatimiz rahbari 2020 yil Oʼqituvchi va murabbiylar kuniga bagʼishlangan tantanali marosimda soʼzlagan dasturiy nutqida taʼlim sohasidagi qator kamchilik va muammolarga eʼtibor qaratib, xususan, aniq va tabiiy fanlarni oʼqitish metodikasi murakkab tuzilgani, nazariy bilimlar amaliyot bilan bogʼlanmagani, oʼquv dasturlarida uzviylik yoʼqligi, darsliklarning mazmuni va sifati qoniqarsiz ekani haqli eʼtirozlarga sabab boʼlayotgani, amaldagi davlat taʼlim standartlari hamda oʼquv dasturlarida oʼquvchilarni taʼlimning navbatdagi bosqichiga tayyorlash, erkin fikrlash va mustaqil hayotga yoʼnaltirish masalasi eʼtibordan chetda qolayotganini tanqid qilgandi. Bunday holatlarga barham berish uchun xorijiy ekspertlar va tajribali oʼqituvchilarni keng jalb qilgan holda, umumiy taʼlimning Milliy oʼquv dasturi loyihasini ishlab chiqish va joriy oʼquv yili davomida uni ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalarida sinovdan oʼtkazish lozimligi taʼkidlandi.

Shundan soʼng qisqa fursat ichida bu masalaga jiddiy kirishildi. Biz, pedagoglar Respublika taʼlim markazining bu yoʼnalishdagi faoliyatini katta qiziqish bilan kuzatIb boryapmiz. Mualliflar guruhining, xususan, xorijlik ekspertlarning fikrlarini, bu boradagi tajribalarini, OАVga bergan intervyularini oʼqib, kuzatib bordik. Dunyo tajribasida boshlangʼich sinflarda beshinchi, oltinchi sinflarda ham science — tabiiy fanlar darsligi oʼqitilar ekan.

Ularda eʼtibor biologiya, geografiya, fizika, kimyo fanlarini bir-biriga bogʼliq holatda, yaʼni integral ravishda oʼqitishga qaratilar ekan. Bir mavzuning ichida biologiya hamda geografiyaga oid bilimlar bilan birga fizika va kimyo fanlariga doir maʼlumotlarning integral tarzda berilgani oʼquvchilar uchun juda qiziq. Chunki bolalar atrof-muhitni, boringki, butun borliqni yaxlit tasavvur qiladi. Аvval alohida-alohida oʼtilgan fanlar, mavzular endilikda bitta umumiy tabiat haqida ekanini idrok qiladilar.

Faqat nazariy bilim oʼquvchilarni zeriktirishi, charchatishi mumkin edi, endilikda esa amaliy mashgʼulotlar bilan boyitilgan darslarda oʼgʼil-qizlarimiz qoʼngʼiroq chalinishini kutib oʼtirmaydi. Dars tugamasligini, koʼproq maʼlumotga ega boʼlishni istaydi. Zamonaviy darsliklar esa oʼquvchilarga ana shu zavqni bera oladi. Bu borada, albatta, bizning mahoratimiz, oʼz ustimizda ishlashimiz, fanga, maktabga, oʼquvchilarga mehrimiz muhim sanaladi. Shunda davlatimiz rahbari bizning oldimizga qoʼygan vazifalarni sidqidildan bajara olamiz, asosiysi, kelajagimizni bilimli, keng tafakkurli, ijodkor yoshlar bilan taʼminlaymiz.

Mashhura Otajonova,

Fargʼona viloyati Buvayda tumanidagi 16-maktab oʼqituvchisi