“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Rossiya Federatsiyasi Energetika vazirligi tasarrufidagi Sankt-Peterburg energetika malaka oshirish instituti bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻydi. Oʻquv dasturiga koʻra, ayni paytgacha 35 nafar ishlab chiqarish xodimlari Sankt-Peterburg shahrida oʻz malakalarini oshirib qaytdi.
Shuningdek, zamonaviy “ekologik samarador” energoqurilmalarga texnik xizmat koʻrsatish yoʻnalishida Italiyaning “AC BOILERS S.p.A” kompaniyasining tegishli muassasalarida 100 nafardan ortiq xodimlar malakasi oshirilishi va oʻzaro tajriba almashish tadbirlari rejalashtirilgan, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ maʼlumotiga tayanib.
— Yil davomida “Navoiy IES” aksiyadorlik jamiyatining “Kelajak energetikasi” oʻquv markazida 207 nafar, “Oʻzbekgidroenergo” kompaniyasi taʼlim markazlarida esa 150 nafar xodimning malakasini oshirish koʻzda tutilgan, — deydi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ xodimlar bilan ishlash boʻlimi boshligʻi Feruza Turgʻunova.
Elektr energetikasi yoʻnalishi boʻyicha mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan mamlakatimizning 4 ta oliy taʼlim muassasalari 35 nafar yuqori bosqich talabalari oʻtkazilgan tanlov natijalariga koʻra shartnomalar asosida elektr stansiyalarida haq toʻlanadigan amaliyotga jalb etildi.
Amaliyotni muvaffaqiyatli oʻtagan yoshlar elektr stansiyalarida doimiy ish bilan taʼminlanadi.