Mamlakatimizda oʻtayotgan yilni sarhisob va tahlil qilish, rejalar tuzib, kelgusi yil uchun mustahkam poydevor tayyorlash yaxshi anʼanaga aylangan. Jumladan, har bir yilning oʻziga xos nomlanishi va bu boʻyicha rivojlanish dasturini tuzib olish davlatimiz taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu yil 20-dekabr kuni davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida joriy yilda erishilgan natijalar, asosiy koʻrsatkichlar tahlil etilib, kelgusi yilgi maqsad va vazifalar belgilab olindi.

Xususan, mamlakatimizda aholi soni ortib borayotgani, yurtdoshlarimizning tinch va farovon hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoit yaratish borasida qilinayotgan ishlar, yalpi ichki mahsulot hajmining ortishi, iqtisodiyot sohasidagi yutuqlar haqida maʼlumot berildi. Ijtimoiy himoya, xalq taʼlimi, sogʻliqni saqlash va sport sohalarida qilingan ishlar, erishilgan natijalar eʼtirof etildi.

Davlatimiz rahbari taʼlim sifatini oshirish Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona toʻgʻri yoʻli ekanini taʼkidlab, ushbu sohada boshlangan islohotlar jadal davom ettirilishi, taʼlim dargohlariga borib, oʻqituvchi va murabbiylar bilan koʻproq muloqot qilish, oʻquv-tarbiya ishlari sifatini ular bilan birgalikda oshirish kerakligini taʼkidladi. 2022-yilda taʼlim islohotlari orqali mamlakatimizda yangi Uygʻonish davri, yaʼni Uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasida sohadagi islohotlarning natijadorligi yuzasidan Prezidentimiz boshchiligida bir necha bor tahliliy yigʻilishlar oʻtkazildi.

Pedagog kadrlarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha barcha pedagogika oliy taʼlim muassasalari, jumladan, yurtimizdagi eng yirik pedagogika oliy oʻquv yurti boʻlgan universitetimiz oldiga aniq vazifalar qoʻyildi. Xususan, maktablarda oʻqitish metodikasi eskirgani, ilgʻor xorijiy tajribalarga asoslangan yangi oʻqitish usullari ishlab chiqilmagani va oʻqituvchilar metodik salohiyatining uzluksiz oshirib borilmagani alohida qayd etildi.

Oʻqituvchilarni yangi metodikalarga oʻqitish tizimi Toshkent davlat pedagogika universitetidan boshlanishi lozim, degan tashabbus olgʻa surildi. Mazkur topshiriqlarni bajarish uchun universitet Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufiga oʻtkazildi va pedagogika yoʻnalishi boʻyicha oʻquv dasturlarni ishlab chiqishda yetakchi oliy taʼlim muassasasi etib belgilandi. Oliygoh faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida qaror qabul qilindi va universitet 2026-yilgacha xalqaro talablarga muvofiq transformatsiya qilinishi belgilandi, maqsadli koʻrsatkichlar tasdiqlandi.

Universitet oldiga qoʻyilgan vazifalar ijrosini taʼminlash uchun ilmiy-pedagogik jamoaning salohiyati va imkoniyatlaridan unumli foydalanish natijasida yil davomida taʼlim, ilm-fan, ilmiy izlanish, maʼnaviyat, sport singari qator yoʻnalishlarda muayyan natijalarga erishildi. Jumladan, universitetimiz 2022-yilda barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda OTMlar taʼsirini baholovchi THE Impact Rankings xalqaro reytingidan joy oldi.

Shuningdek, 2023-yil uchun QS Osiyo universitetlar reytingida kuchli universitetlar mingtaligi qatoridan oʻrin egalladi. Bu borada oliygohda ilmiy salohiyatni soʻnggi bir yilda 38 foizdan 50 foizga oshirishga erishilgani hamda fan doktorlarining 62, fan nomzodlarining 386 nafarga yetkazilgani ham muhim ahamiyat kasb etdi. Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar soni uchtaga yetkazilishi tufayli 2021-yilda universitetdagi ilmiy kengashda 78 ta dissertatsiya himoya qilingan boʻlsa, bu yil 118 ta dissertatsiya muvaffaqiyatli yoqlandi. Nashr koʻrsatkichlari ham sezilarli darajada oshdi.

Jumladan, 2021-yilda universitet xodimlarining jami 1012 ta maqolasi xorijiy va mahalliy ilmiy nashrlarda chop etilgan boʻlsa, bu koʻrsatkich joriy yilning 9 oyida 1387 tani tashkil etdi. Talabalarning toʻlaqonli bilim olishini taʼminlash maqsadida moddiy-texnik baza mustahkamlandi. Oʻquv jarayoni uchun qariyb 2 milliard soʻmlik zamonaviy oʻquv-laboratoriya uskunalari, 400 dan ortiq kompyuter jamlanmasi, 100 dan ortiq katta ekranli televizor xarid qilindi.

Xorijiy tillar fakulteti talabalari uchun 750 oʻrinli, tabiiy fanlar fakulteti talabalari uchun 720 oʻrinli oʻquv binolari kapital taʼmirdan chiqarilib, foydalanishga topshirildi. Ilgʻor tajribani qoʻllash borasida ham muayyan ishlar qilindi. Universitetdagi taʼlim jarayoniga xalqaro mutaxassislar, Prezident taʼlim muassasalari agentligi, shuningdek, yurtimizdagi nufuzli ilmiy markazlarning yetakchi mutaxassislari jalb qilingani fikrimiz tasdigʻidir. Mehnat bozori talablari asosida kadrlarni tayyorlash zamonaviy dunyodagi tendensiyalardan biriga aylandi.

Shu bois, 2022/2023 oʻquv yili uchun taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklarining oʻquv rejasi va fan dasturlari mazmuni toʻliq qayta koʻrib chiqildi hamda xalqaro talablar asosida takomillashtirildi. Universitetda ish beruvchilarning doimiy faoliyat koʻrsatuvchi kengashi tashkil etildi. Toshkent shahar xalq taʼlimi boshqarmasi bilan hamkorlikda “Mobil metodik guruh”lar shakllantirildi. Oliygohga biriktirilgan maktablarda faoliyat olib borayotgan oʻqituvchilar bilimi diagnostikadan oʻtkazilib, aniqlangan boʻshliqlarni bartaraf etishga qaratilgan mashgʻulotlar tashkil etildi.

Uzluksiz ravishda ilgʻor metodika va innovatsiyalarga oʻrgatish tizimi yoʻlga qoʻyildi. 2022/2023 oʻquv yilidan oʻquv dasturlari oʻzaro yaqin boʻlgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha asosiy va qoʻshimcha mutaxassislik (kvalifikatsiya) berish tartibining joriy etilgani bitiruvchilarimizning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshiruvchi muhim qadam boʻldi.

Shuningdek, oʻquv yilidan boshlab kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan talabalarning amaliyoti “4+2” tartibida umumiy oʻrta taʼlim maktablari hamda maktabgacha taʼlim tashkilotlarida, shuningdek, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarida tashkil qilindi. Bu nazariya va amaliyot uygʻunligini taʼminlab, talabalarimizning ish joyiga tayyor mutaxassis sifatida shakllanib borishiga xizmat qiladi.

Bugungi yoshlardan umidimiz katta. Ularning zimmasida yurtimiz ravnaqiga hissa qoʻshish masʼuliyati turibdi. Shu bois, universitetning iqtidorli talabalarini maqsadli tayyorlov dasturi boʻyicha oʻqitish yuzasidan “Oltin fond” guruhlarini shakllantirishning huquqiy va meʼyoriy asoslari yaratildi. 2022/2023 oʻquv yilining ikkinchi yarmidan boshlab oʻquv jarayonini yoʻlga qoʻyish maqsadida universitetning 4 ta taʼlim yoʻnalishi boʻyicha “Oltin fond” guruhlari shakllantirildi.

Mazkur guruhlar bitiruvchilari ertaga hayotimizga katta kuch boʻlib kirib keladi. Bu yutuqlar oʻz eʼtirofini topayotganini ham taʼkidlash joiz. Jumladan, joriy yilda universitet professor-oʻqituvchilaridan bir nafari “Mehnat shuhrati” ordeni, uch nafari “Xalq taʼlimi fidoyisi”, olti nafari “Mehnat faxriysi”, oʻn ikki nafari “Xalq taʼlimi aʼlochisi”, bir nafari “Ilm-fan targʻibotchisi”, bir nafari “Ilmiy-innovatsion tadqiqotlar yetakchisi”, bir nafari “Madaniyat va sanʼat fidokori” koʻkrak nishonlari bilan taqdirlandi.

Qisqa qilib aytganda, poyoniga yetib borayotgan yil universitet jamoasi uchun tom maʼnoda yuksalish yili boʻldi. 2023-yilda bu natijalarni mustahkamlab, yangi marralarni zabt etishni maqsad qilganmiz. Toshkent davlat pedagogika universiteti faoliyatida qator vazifa va yoʻnalishlar muhim ahamiyat kasb etadi.

Jumladan, birinchidan, “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” uchun qabul qilinadigan davlat dasturida belgilangan vazifalar jadallik bilan oʻz vaqtida bajariladi.

Ikkinchidan, Toshkent davlat pedagogika universiteti 2022-2026-yillarda bosqichmabosqich xalqaro talablar asosida transformatsiya qilinadi. Buning uchun 2023-yil 1-sentyabrga qadar xalqaro reytinglarda birinchi 1000 talikka kirgan chet el oliygohlari bilan hamkorlikda kamida 3 ta qoʻshma taʼlim dasturi joriy etiladi. Universitet faoliyatida HEMIS elektron platformasini joriy etish ishlari jadallashtirilib, uning boshqaruv tizimi, oʻquv jarayoni va hujjatlar aylanmasidagi raqamlashtirish koʻrsatkichi oshiriladi.

Uchinchidan, 2023-yil 1-yanvardan boshlab universitet faoliyati akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik tamoyillari asosida yuritiladi.

Toʻrtinchidan, kirish imtihonlarini ikki bosqichda oʻtkazish boʻyicha tashkiliy ishlar olib boriladi. 2024-yildan tajriba-sinov tariqasida universitetga qabul ikki bosqichda: birinchi bosqich dastlabki imtihon shaklida, ikkinchi bosqich kirish test sinovlari tarzida oʻtkazilishini inobatga olib, mazkur kirish imtihonini tajriba-sinovdan oʻtkazish uchun universitetning pedagogika taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha vaqtinchalik tartib ishlab chiqiladi.

Beshinchidan, universitetning kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan 2-4-kurs talabalari uchun haftalik oʻquv mashgʻulotlarini “4+2” tartibida oʻtkazish orqali nazariya va amaliyot uygʻunligi, taʼlim mazmuni uzluksizligi taʼminlanadi, pedagogik taʼlim va amaliyot integratsiyasi kuchaytiriladi.

Oltinchidan, Milliy tadqiqot instituti bilan mustahkam hamkorlikni yoʻlga qoʻyish orqali pedagogik taʼlim nazariyasi va ishlab chiqarish amaliyoti integratsiyasi mustahkamlanadi. Pedagoglarni tayyorlash va uzluksiz kasbiy rivojlanishini taʼminlashning dolzarb masalalari boʻyicha ilmiy tadqiqot loyihalari amalga oshiriladi. Birgalikda ilmiy konferensiya, seminar-trening, doktorlik dissertatsiyalari muhokamalari tashkil qilinadi.

Universitet jamoasi tomonidan 2023-yilda qilinadigan ishlar Yangi Oʻzbekistonni barpo etish boʻyicha olib borilayotgan islohotlardan oʻrin olgan taʼlim sohasi boʻyicha qilinadigan saʼy-harakatlarga hamohang boʻladi. Maktablarda oʻqitish sifatini oshirish orqali jamiyatda inson kapitalini rivojlantirish, ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirish uchun poydevor yaratiladi.

Ana shunday poydevorni barpo etishda uning meʼmorlari — boʻlgʻusi oʻqituvchilar oʻz fanini puxta bilishi, yuksak pedagogik mahoratga, yangi metodikalarni ishlab chiqish va undan samarali foydalanish qobiliyatiga ega boʻlishi shart va zarur. Bunday masʼuliyatli vazifani bajarish, oʻz navbatida, oliy pedagogik taʼlim mazmuni va infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqishni talab qiladi.

Bugungi islohotlarga ogʻishmasdan amal qilinsa, albatta, kutilgan natijaga erishish shubhasiz. Bir soʻz bilan aytganda, maqsad aniq. Unga erishish mexanizmi, ravon yoʻli ham davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berildi. Universitetimiz Yangi Oʻzbekiston uchun zamonaviy oʻqituvchilarni yetkazib beruvchi tom maʼnodagi tayanch oliy taʼlim muassasasi boʻla olishini ishonch bilan ayta olamiz.