Konferensiyada insonlar ehtiyojlari asosida qonunlarni, shu jumladan, Konstitutsiyani takomillashtirish borasidagi xalqaro tajriba haqida soʻz bordi.
Anjuman Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Barqaror rivojlanish markazi hamda Davlat va huquq instituti tomonidan Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi koʻmagida tashkil etildi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, davlat idoralari va fuqarolik jamiyati institutlari, siyosiy partiyalar, mamlakatning akademik hamjamiyati vakillari, shuningdek, chet ellik olim va ekspertlar, diplomatik korpusi vakillari ishtirok etdi.
Anjumandan koʻzlangan maqsad – hozirgi davrda turli mamlakatlarda konstitutsionalizmning rivojlanish tendensiyalarini aniqlash va tahlil qilish, bu boradagi ilgʻor milliy va xalqaro tajribani oʻrganishdan iborat.
Konferensiya ishtirokchilari mamlakatimizning Asosiy qonunini jamiyatdagi real voqelikka, demokratik islohotlarga moslashtirish, shu negizda Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratish masalalari boʻyicha atroflicha fikr almashdilar.
Jahon tajribasi siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, maʼnaviy-maʼrifiy va boshqa sohalardagi islohotlarning oʻzaro mutanosibligi taʼminlanmaganligi hamda bir-biridan ortda qolishi turli inqirozlarga olib kelishini koʻrsatmoqda. Qolaversa, mavjud konstitutsiyaviy-huquqiy asos, adolatli fuqarolik jamiyatining rivojlanish holati, fuqarolarning siyosiy-huquqiy ongi va madaniyati demokratik islohotlarga tayyor emasligi mamlakatning modernizatsiya jarayonlariga toʻsiq boʻlishi mumkin.
Shuning uchun Konstitutsiya va qonunlar davr talabi, islohotlar va xalq ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, doimiy ravishda takomillashtirib boriladi. Bugun dunyoda hech bir Konstitutsiya ilk qabul qilingan tahririda saqlanib qolmagan. Birgina XXI asrda dunyoning 90 ga yaqin davlatida konstitutsiyaviy islohotlar muvaffaqiyatli amalga oshirildi, 57 tasida yangi Konstitutsiya qabul qilindi.
Xalqaro konferensiya ishtirokchilari taʼkidlaganlaridek, turli mamlakatlardagi konstitutsiyaviy oʻzgarishlar, asosan, tashqi hamda ichki tahdid va xatarlarni inobatga olib, ularga javob berishga qaratilganligi bilan oʻzaro oʻxshashdir. Zamonaviy konstitutsiyalar bundan yuz yil oldin unchalik koʻzga tashlanmagan yangidan-yangi – atrof-muhit, gender tengligi, inson, ayniqsa, nogironligi boʻlgan shaxslar, kelajak avlod huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kabi masalalarni qamrab olgan.
Zamonaviy konstitutsiyalardan, shuningdek, axborotlashgan jamiyatni shakllantirish, shaxsiy raqamli maʼlumotlar xavfsizligini taʼminlash, ilmiy-texnologik va innovatsion rivojlanish, toʻgʻridan-toʻgʻri elektron demokratiya va xalq qonunchilik tashabbuslari unsurlarini joriy etish kabi boshqa zamonaviy masalalar ham oʻrin olgan.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda Yangi Oʻzbekistonni barpo etish, erkin va adolatli fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qaratilgan oʻzaro bogʻliq va mohiyatan bir-birini taqozo etuvchi tub demokratik siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy-huquqiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Harakatlar strategiyasi doirasida Konstitutsiyaning 21 ta moddasiga 9 marotaba 32 ta oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Shu bilan birga, globallashuv, raqamlashtirish, iqlim oʻzgarishi va jadal oʻzgarib borayotgan davr talabi asosida mamlakatni yanada modernizatsiya qilish, tinchlik, barqarorlik va milliy mustaqillikni mustahkamlash borasida oʻta dolzarb yangi vazifalar kun tartibiga qoʻyilgan.
Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirish strategiyasida mamlakatni modernizatsiya qilishning yetti yoʻnalishi boʻyicha 50 dan ortiq kodeks, qonun, strategiya, konsepsiya va dasturlar qabul qilinishi zarurligi koʻzda tutilgani, 100 dan ortiq boshqa tashabbuslar ilgari surilgani ham buni yaqqol tasdiqlaydi.
Taraqqiyot strategiyasida qonunchilik, huquqiy tafakkur va huquqni qoʻllash tizimi, jamiyatning siyosiy va huquqiy ongi umuminsoniy qadriyatlar va barqaror rivojlanish tamoyillariga yoʻnaltirilgani muhim. Shu bois xalqaro anjumanda, keng jamoatchilik xohish-irodasini hisobga olgan holda, Oʻzbekiston Prezidenti Asosiy qonunni takomillashtirishning 9 ta yoʻnalishini aniq belgilab bergani alohida eʼtirof etildi.
Bu asosiy yoʻnalishlar, birinchi navbatda, “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni toʻliq amalga oshirishga qaratilgan. Binobarin, inson qadri, inson shaʼni uchun qaygʻurish degani – fuqarolarning tinch va xavfsiz hayoti, asosiy huquq va erkinliklarini, munosib turmush sharoitini taʼminlash va zamonaviy infratuzilma barpo etish, mamlakatning har bir fuqarosi uchun malakali tibbiy xizmat koʻrsatish, sifatli taʼlim, ijtimoiy himoya va sogʻlom ekologik muhit yaratish demakdir.
Taraqqiyot strategiyasida belgilangan “Yangi Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” prinsipini hayotga tatbiq etish boʻyicha konstitutsiyaviy normani mustahkamlash masalalariga jiddiy eʼtibor berilayotgani bejiz emas. Jahon tajribasiga koʻra, ijtimoiy davlat – bu raqobatli bozor iqtisodiyoti, oʻz fuqarolariga farovonlikni kafolatlaydigan davlat, deganidir.
Anjumanda konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida ustuvor darajada eʼtibor qaratish lozim boʻlgan bir qator dolzarb masalalar, xususiy mulk, jumladan, yer va foydali qazilmalar daxlsizligi va himoyasini taʼminlash muammolari muhokama etildi.
Tadbir ishtirokchilarining fikriga koʻra, hozirgi vaqtda koʻpgina rivojlangan davlatlar global iqlim oʻzgarishlarini hisobga olgan holda, oʻz konstitutsiyalariga maxsus ekologik boʻlimlarni kirityapti. Bu borada Fransiya, Rossiya va Yevropadagi boshqa davlatlarning oʻz ekologik xartiyalarini Konstitutsiyaning tarkibiy qismlari sifatida qabul qilish borasidagi tajribalari eʼtiborga molikdir.
Shu bilan birga, koʻplab davlatlar toʻrtinchi sanoat inqilobiga qadam qoʻyayotgan sharoitda Oʻzbekistonning raqobatbardoshligini amalda taʼminlash, shuningdek, axborotlashgan jamiyatni shakllantirish maqsadida davlat tomonidan axborot texnologiyalari va “raqamli konstitutsiyaviy institutlar”dan foydalanishni qoʻllab-quvvatlashning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlash masalalarini chuqur koʻrib chiqish zarur.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati.