Saylov demokratik davlatning asosiy belgilaridan biri boʻlib, u orqali mamlakatning taraqqiyoti va istiqboli namoyon boʻladi. Saylov xalqning oʻz xohish-irodasini bildirishi, davlat ishlarini boshqarishda bevosita ishtirok etishining asosiy shakli hamdir. Oʻz navbatida, saylovda qatnashish asnosida fuqarolik pozitsiyasini ilgari surish xalqimizning yuksalib borayotgan siyosiy tafakkurini, ijtimoiy faolligi va elektoral madaniyatini koʻrsatib beradi.

Oʻzbekistonda demokratik talablarga javob beradigan saylov tizimi yaratilgan. Saylov qonunchiligini izchil takomillashtirish, saylov oʻtkazish amaliyoti sifat jihatidan yangi pogʻonaga koʻtarildi. Bunda saylov qonunchiligi xalqaro umumeʼtirof etilgan tamoyillar, nufuzli xalqaro tashkilotlar tavsiyalari va xalq fikri asosida takomiliga yetkazildi hamda mamlakatda kechayotgan demokratik islohotlar bilan uygʻunlashtirildi.

Milliy saylov qonunchiligining kodifikatsiyalashtirilishi ahamiyati

Milliy saylov qonunchiligimizning oʻziga xos jihati saylov jarayonlariga oid barcha normalar kodifikatsiyalashtirilganida namoyon boʻladi. Xususan, Saylov kodeksi saylov huquqiga oid ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, mafkuraviy va huquqiy kafolatlar tizimini mustahkamlash bilan birga, fuqarolarning saylov huquqini amalga oshirishni taʼminlovchi shart-sharoit va mexanizmlarni yaratishga oid huquqiy normalarni oʻzida aks ettiradi. Saylov qonunchiligi kodeks shakliga keltirilgunga qadar mazkur tizimda bir vaqtning oʻzida beshta qonun parallel ravishda amal qilardi. Bu normativ-huquqiy hujjatlarning ayrim normalari bir-biriga zid boʻlib, turli huquqiy kolliziya mavjud edi. Bunday holat saylov komissiyalari, ayniqsa, chekka joylardagi uchastka saylov komissiyalari faoliyatida turli noaniqliklar yuzaga kelishiga sabab boʻlgan.

Kodeks qabul qilingach, milliy saylov qonunchiligi va amaliyotida ayrim boʻshliqlar va yechimini kutayotgan muammolar hamda turli noaniqlik va ovoragarchiliklar barham topganini nafaqat milliy saylov amaliyotchilari, balki xalqaro ekspertlar ham keng eʼtirof etdi. Milliy saylov tizimimiz umumjahon talablari va tendensiyalariga muvofiqlashtirildi.

Xalqaro saylov standartlariga mos, puxta, ixcham va yaxlit shaklda qabul qilingan bunday mukammal Saylov kodeksidan shu paytgacha milliy saylovchiligimizda boʻlmagan oʻnlab yangi norma va qoida joy oldi, amaldagi ayrim byurokratik tartib-qoidalar bekor qilindi.

Har bir saylovchi – eʼtiborda

Saylov jarayonida suiisteʼmolchilik, tanish-bilishchilik kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida uchastka saylov komissiyasi aʼzolarining yarmidan koʻpi bitta tashkilotdan tavsiya etilishi mumkin emasligi belgilangan. Lekin shifoxonalar, dam olish uylari, harbiy qismlar, chet ellardagi diplomatik vakolatxonalar kabi muassasalarda, ularning qatʼiy ichki tartib-qoidalari talablaridan kelib chiqqan holda, saylov uchastkasi aʼzolarini bunday tartibda tuzish qiyinligi amaliyotda muammolarni keltirib chiqarar edi. Shu sababli, kiritilgan oʻzgartirishga koʻra, endi mazkur qoida chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalarimiz huzurida, harbiy qismlar, sanatoriylar, dam olish uylari, shifoxonalar hamda boshqa statsionar davolash muassasalarida va ozodlikdan mahrum qilish joylarida tashkil qilingan saylov uchastkalarida tatbiq qilinmaydigan boʻldi.

Bundan tashqari, Saylov kodeksi imkoniyati cheklangan shaxslarning ovoz berish yoʻli bilan mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida ishtirok etish huquqlarini amalga oshirishi uchun barcha mexanizmlarni oʻzida mujassam etgan. Yaʼni saylov kuni ovoz berish binolaridagi texnologik jihozlar – jadvallar, kabinalar va ovoz berish qutilari nogironlar aravachasidan foydalanuvchilar ehtiyojlarini hisobga olgan holda oʻrnatilishi lozimligi mustahkamlandi. Agar sogʻligʻi yoki nogironligi tufayli saylovchi oʻz xohish-irodasini erkin ifoda etish uchun saylov uchastkasining ovoz berish xonasiga kela olmasa, unga ovoz berish xonasidan (saylov uchastkasidan) tashqarida, yashash joyida ovoz berish huquqidan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Bu, oʻz navbatida, zamonaviy saylov qonunchiligining muhim jihati koʻrinishida jamiyatimiz aʼzosi sifatida nogironligi boʻlgan fuqarolarimiz ham boshqalar bilan teng ravishda siyosiy va ijtimoiy hayotda bevosita yoki erkin saylangan vakillari orqali samarali va har taraflama ishtirok etishi, saylash va saylanish huquqiga ega boʻlishini taʼminlaydi.

Saylov qonunchiligimizda har bir saylovchining huquq va erkinliklari inobatga olingani – jarayonlarda siyosiy huquqga ega har bir shaxs oʻz saylov huquqini hech toʻsqinliksiz amalga oshirishining muhim kafolatlaridan biri.

Saylovchilarning yagona elektron roʻyxati

Saylovning koʻppartiyaviylik, muqobillik, oshkoralik va transparentlik tamoyillari asosida, demokratik saylov talablariga muvofiq oʻtishini taʼminlash zamonaviy tendensiyalarni inobatga olgan holda jarayonlarni raqamlashtirish masalalariga bogʻliq. Jumladan, Saylov kodeksida saylovchilarning roʻyxati elektron tarzda tuzilishi belgilab qoʻyilgan. Mazkur elektron roʻyxatni tuzish, unga oʻzgartishlar kiritish va yangilab turish saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi yordamida amalga oshiriladi. Oʻz navbatida, saylovchilarning yagona elektron roʻyxati vakolatli davlat organlari axborot bazalariga muvofiq saylovchi fuqarolar, ularning doimiy va vaqtincha yashash joyi manzillari haqidagi axborotni oʻz ichiga olgan davlat axborot resursi hisoblanadi.

Aynan saylovchilarning yagona elektron roʻyxati va saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini yanada takomillashtirish orqali fuqarolarning doimiy va vaqtinchalik yashash joyi, hududlar, koʻchalar, uylar va xonadonlar nomlari hamda raqamlarining elektron shaklda aniq-ravshan belgilanishiga imkon yaratiladi. Bu shunchaki saylovchilar haqidagi maʼlumotlar bazasi emas, balki saylovning tenglik prinsipini taʼminlashga xizmat qiladigan vosita hamdir. Chunki mazkur axborot tizimi va saylovchilarning yagona elektron roʻyxati orqali fuqarolarning faqat bir marotaba ovoz berganini nazoratga olish imkoniyati mavjud boʻladi. Yuqori migratsiya sharoitida saylovchini tegishli saylov okrugiga biriktirish va “bir saylovchi – bir ovoz” qoidasini amalda qoʻllashni taʼminlovchi tizimni yaratish muhim ahamiyat kasb etadi.

Saylovchilarning yagona elektron roʻyxati barcha saylov uchastkalari kesimida tegishli uchastka komissiyalariga onlayn tarzda yetkaziladi. Shunday boʻlsa-da, har bir uchastka saylov komissiyasi uchastka hududida yashovchi aholini uyma-uy aylanib chiqish yoʻli bilan roʻyxatga aniqlik kiritadi.

Qonunga muvofiq, saylov kuniga qadar yoki saylov kuni oʻn sakkiz yoshga toʻlgan, roʻyxat tuzilayotgan paytda mazkur saylov uchastkasi hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolarning ism-sharifi saylovchilar roʻyxatiga kiritiladi. Har bir saylovchi faqat bitta saylovchilar roʻyxatiga kiritilishi mumkin.

Bunday tizim oʻrnatilmasidan avval bir saylovchining ham doimiy roʻyxatda, ham vaqtincha roʻyxatda turgan joyidan turib ovoz berish holatlari natijasida fuqarolarning teng saylov huquqi, yaʼni saylovda bitta ovozga ega ekani tamoyilining buzilish holatlari kuzatilishi mumkin edi. Shu asosda saylovchilarning yagona elektron roʻyxati fuqarolarning teng saylov huquqi prinsipini roʻyobga chiqarib, fuqarolarimizga davlat boshqaruvida saylovlar orqali ishtirok etishdek siyosiy huquqlaridan foydalanishda aniqlik va qulaylikni taʼminlaydi.

Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekistonning zamonaviy saylov qonunchiligi umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarga, erkin va adolatli saylov mezonlariga muvofiq keladi. Shuningdek, mamlakatimiz saylov tizimi huquqiy asoslari milliy qadriyatlarimizga tayanilgan holda xalqaro tamoyillar, ilgʻor xorijiy mamlakatlar qonunchiligi va amaliyotini oʻrganish hamda mustaqillik yillarida mamlakatimizda oʻtkazilgan saylovlar tajribasining tahlili natijasida tadrijiy takomillashtirilib borilmoqda.

Farangiz Avazbekova,

yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori