-2018-yilgacha tumanimizda 72 ta koʻp qavatli turar-joy binolari mavjud edi,-deydi tuman hokimining oʻrinbosari Farhodbek Normatov. –Ularning barchasida taʼmirlash ishlari olib borilib, fuqarolarning yashashlari uchun yaxshi sharoit vujudga keltirilgan. Aholining turar-joyga boʻlgan ehtiyojini hisobga olgan holda 2018-yildan buyon yangi binolar qurilishi boshlandi. Shu kungacha 16 ta koʻp qavatli uy qurib, foydalanishga topshirilgan boʻlsa, ayni damda yana 4 ta uyda pardozlash ishlari olib borilmoqda. 2 ta yangi turar joy binosini qurish ishlari boshlab yuborildi. Yil oxirigacha yana 2 ta koʻp qavatli uy qurib, oʻz egalari topshirishni rejalashtirganmiz.
«Koʻrkam qurilish elegant» MCHJ qurilish sohasida oʻziga xos tajribaga ega korxonalardan biri hisoblanadi. Jamoa quruvchilari soʻnggi yillarda Buloqboshi tumanidagi “Shirmonbuloq” qishlogʻida 33 ta namunali uy, Xoʻjaobod tumanida 8 ta namunali uy va 1 ta koʻp qavatli turar-joy binosini qurib, foydalanishga topshirgan boʻlsa, oʻnlab maktab binolarini taʼmirlashda ishtirok etgan.
-Ayni paytda Buloqboshi tumanining «Qumguzar» MFYda 30 xonadondan iborat koʻp qavatli uyda pardozlash ishlarini olib bormoqdamiz,-deydi «Koʻrkam qurilish elegant» MCHJ mutaxassisi Shavkatbek Abdullayev. -Aholi turmush sharoitini yana-da yaxshilash maqsadida bolalar oʻyingohi, dam olish hududlaridan tashqari, tandirxonalargacha barpo etildi.
-Ayni paytda tumanda 420 nafar fuqaro tomonidan uy-joy masalasi bilan bogʻliq murojaatlar qabul qilingan,-deya suhbatga qoʻshiladi tuman Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boʻlimi boshligʻi Alisher Urayimov. -Tez orada ularning barchasini ijobiy hal etish masalasida yangidan-yangi loyihalarga asos solinmoqda. Foydalanishga topshirilayotgan uylar esa xalqimizning haqiqiy baxt koshonasiga aylanyapti. Aholining turar-joyga boʻlgan ehtiyojini qondirish bir masala boʻlsa, yaratilgan sharoitlarni asrab-avaylash masalaning ikkinchi tomonidir. Bunyodkorlarimizning samarali mehnatini qadrlagan holda hududlar obodligini taʼminlash va hamyurtlarimiz turmush darajasini yaxshilash borasida hamisha harakatdamiz.
Hududlarda bunyod etilayotgan binolar zamondoshlarimizning yashash sharoitini yaxshilashga xizmat qilish bilan bir qatorda yurtimiz chiroyiga chiroy qoʻshmoqda, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Ham milliy, ham zamonaviy arxitektura asoslariga xos binolar uzoq yillar davomida xalqimizga samarali xizmat qiladi.
Ziyo SIROJ, jurnalist.









