Zangiota shifoxonasiga murojaat qilayotgan 90-95 foiz bemorlarda oʻpka zararlanishi kuzatilmayapti

    Salomatlik 19 Yanvar 2022 1303

    Oʻtgan ikki yil davomida koronavirus infeksiyasining turli shtammlari bilan yuzlashdik. Xususan, kasallikning “delta” va “britancha” mutatsiyalari bemorlarda ancha ogʻir kechgan boʻlsa, uning yangi turi aksincha biroz yengil oʻtyapti.

    Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar Husanov shu haqdagi fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

    — Ayni paytda muassasamizda koronavirusga chalingan 1 300 nafardan ziyod bemor davolanyapti, — deydi shifokor. — Afsuski, soʻnggi kunlarda aholi orasida kasallanish holatlari koʻp kuzatilayotgani bois, 5-yanvardan shifoxonaga murojaat qilayotgan bemorlar soni ham keskin oshdi.

    Hozirda muassasamizga oʻrtacha kuniga 300-400 nafar bemor murojaat qilib, shundan 200-300 nafari gospitalizatsiya qilinyapti. Vaholanki, yanvar oyining toʻrtinchi sanasiga qadar kuniga 65-70 ta murojaat boʻlib, shundan 70 foiz bemor davolanishga yotqizilgan.

    Bugungi kunda muassasamizga murojaat qilayotganlarning aksariyati yengil darajadagi bemorlarni tashkil qiladi. Ularda kasallik asosan:

    - isitma,

    - boʻgʻimlarda ogʻriq,

    - bosh ogʻrigʻi,

    - holsizlik kabi oddiy respirator belgilar bilangina namoyon boʻlyapti.

    Qolaversa, 5-yanvardan boshlab shifoxonaga kelayotgan 90-95 foiz bemorda saturatsiyaning pasayishi va oʻpkaning zararlanishi kuzatilmayapti. Virusning jiddiy asoratlar bilan kechishi nisbatan kam. Oʻpkada zararlanish deyarli kuzatilmayapti.

    Davolanish muddati esa qisqarib, oʻrtacha 5 kunni tashkil qilyapti. Eng muhimi, ogʻir ahvoldagi bemorlarni davolashda ishlatiladigan virusga qarshi remdesivir va boshqa dori vositalariga boʻlgan ehtiyoj kamaydi.

    Natijada bugungi kunda 190 oʻringa moʻljallangan jonlantirish boʻlimida davolanayotgan bemorlar soni sezilarli darajada qisqardi. Vaholanki, “delta” shtammi avj olgan oʻtgan yil yoz oylarida reanimatsion boʻlimlarda bemorlar soni ancha koʻp edi.

    Shunday ekan, yurtdoshlarimizdan ortiqcha sarosimaga berilmasliklarini, zarurat boʻlmaganda yuqumli kasalliklarni davolash muassasalariga bormasliklarini, agar oʻzlarida kasallik belgilarini sezsa, darhol oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarga, poytaxtimiz aholisi esa Toshkent shahrining 12 ta tumanida tashkil etilgan maxsus poliklinikalarga murojaat qilishlarini soʻraymiz. Eng muhimi, bevosita koronavirusga chalingan bemorlarni davolayotgan amaliyotchi shifokor sifatida barchani kasallikka qarshi emlanishga, agar vaksina olgan boʻlsa, buster dozalarini olishga chaqirib qolaman.

    Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.