Joriy yil 4-sentyabr kuni parlament yuqori palatasiga Zangiota tumani “Oybek” MFYda yashovchi bir guruh fuqarolar murojaat qilgan.
Qayd etilishicha, 2019-yilda ushbu hududdagi 47 ta xonadon “snos”ga tushishi haqida aholi ogohlantirilgan va ularga tegishli tartibda kompensatsiya puli to‘lab berilgan.
Tuman hokimligi mutasaddilari yangi mahallaga barcha zarur kommunikatsiyalar o‘tkazib berilishini bildirgan. Ammo bu ishlar o‘z holiga tashlab qo‘yilgan.

Ushbu masala Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasida doimiy asosda ishlovchi senator Malika Kadirxanova tomonidan joyiga chiqib o‘rganildi.
Ma’lum bo‘ldiki, haqiqatan ham uyi buzilgan aholining nomiga plastik karta ochilib, kompensatsiya pullari o‘tkazib berilgan. Qolaversa, Toshkent viloyati Zangiota tumanidan “Nigora baxt agro” fermer xo‘jaligining foydalanilmaydigan yerlaridan joy ajratilgan. O‘z navbatida hududda fuqarolar tomonidan uy-joy qurilgan. Biroq yo‘llarga na asfalt yotqizilgan, na shag‘al to‘kilgan. Ahamiyatlisi, Senatga murojaat qilingandan so‘ng, bir kun ichida ko‘chaga shag‘al to‘kilgan.
wefgewf54e5w54f4.jpg)
Yana bir jihat. Mutasaddilar shu kunga qadar hududni mahallaga qo‘shish, kommunal xizmatlari ko‘rsatilishiga e’tibor qaratilmagan. Afsuski, fuqarolar bu borada bir necha marotaba tegishli idoralarga murojaat qilishiga qaramay, ularga to‘g‘ri yo‘nalish ko‘rsatilmagan.
Senator aralashuvi bilan ushbu hudud “Obod” MFYga kiritiladigan bo‘ldi. Qolaversa, kanalizatsiya, elektr energiyasi, ichimlik suvi va gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammo bartaraf etiladi. Ushbu mahallada bolalar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi maqsadida sport maydonchasi ham quriladi.

Yangi ko‘p qavatli uylardan xonadon olish uchun boshlang‘ich to‘lovni to‘lagan, ammo uy-joy berilmayotgani bilan bog‘liq holat qonuniy ko‘rib chiqilishi yuzasidan tegishli mutasaddilarga ko‘rsatma berildi.
Fuqarolarning mazkur murojaatlari Senat tomonidan nazoratga olindi.