Maʼlumot uchun: umumiy qiymati 20 milliard dollarga yaqin aktivlarni boshqaradigan INDITEX kompaniyasi tarkibiga ZARA, Bershka, Massimo Dutti, Pull&Bear va boshqa eng mashhur toʻqimachilik brendlari kiradi.

Uchrashuv chogʻida soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda toʻqimachilik sanoatida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, paxtani yetishtirish va qayta ishlashga yangi “Klaster” yondashuvini joriy etish, paxtani yetishtirish va hosilini yigʻishda bolalar va majburiy mehnatga barham berish, eco-friendly kiyimlarni ishlab chiqaruvchi sanoat korxonalarini davlat tomonidan tizimli ravishda qoʻllab-quvvatlash, Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqining “GSP+” Preferensiyalar bosh tizimining benefitsiari maqomini olgani, shuningdek, Cotton Campaign Xalqaro koalitsiyasi tomonidan oʻzbek paxtasiga eʼlon qilingan boykot bekor qilingani haqida soʻz bordi. Tomonlar mamlakatda biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha samarali chora-tadbirlar, tadbirkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari, shuningdek, Oʻzbekistonda kompaniyaning investitsiyaviy portfelini kengaytirish istiqbollarini har tomonlama koʻrib chiqdilar.

Uchrashuv davomida kompaniya vakillariga toʻqimachilik sohasidagi oʻzbek korxonalarini jahon miqyosidagi ishlab chiqarish va taʼminot zanjirlariga jalb etish imkoniyatlari, Oʻzbekistonda faoliyat koʻrsatayotgan toʻqimachilik kompaniyalari va paxta-toʻqimachilik klasterlarining salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan choralar, tarmoq korxonalarida ishchilar uchun mehnat sharoitlarini yaxshilash va ishlab chiqarish jarayonlarining atrof-muhit va isteʼmolchilarga zararli taʼsirini kamaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

Uchrashuv ishtirokchilari qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda Oʻzbekistonda kompaniya faoliyatini yoʻlga qoʻyish istiqbollarini batafsil muhokama qildilar. Toʻqimachilik sanoati korxonalarining salohiyatini oʻrganish, bozor imkoniyatlarini baholash hamda amaliy hamkorlikning boshqa jihatlari ustida ish olib borish ham rejalashtirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.