Ishtixon tumanidagi Zarbuloq MFY, Arabxona qishlogʻida mahalla yoshlari uchun kutubxona va sportning tennis, shaxmat-shashka turlari bilan shugʻullanish uchun “Yoshlar markazi” binosi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda tuman hokimligidan vakillar, mahalla faollari, oʻquvchi-yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
Maʼlumki, keyingi yillarda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh tashabbus doirasida mahallani har tomonlama obod goʻshaga aylantirish, yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ular oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish maqsadida mahallalarda ham kutubxonalar, sport inshootlari barpo etilmoqda. Zarbuloq MFY hududida tashkil etilgan moʻjaz markazning ochilishi ham butun mahalla ahlini xushnud etdi, – deb xabar beradi “Ishtixon ovozi” muxbiri Olim Qoʻchqorov.
– Mahallamizda 4300 nafardan ortiq aholi yashasa, shundan 1000 nafarga yaqinini yoshlar tashkil etadi, – deydi mahalla raisi Qahramon Moʻminov. – Kutubxona toʻlaligicha aholi tomonidan hashar yoʻli bilan bunyod etildi. Albatta, tuman hokimligi, sektor rahbarlari ham qoʻllaridan kelgan yordamni ayashmadi. Muhimi, endi yoshlarimiz tuman markaziga bormasdan shu yerdan kitob olib mutolaa qilishi yoki oʻziga maʼqul boʻlgan sport turi bilan shugʻullanishi mumkin.
– Yangi ochilgan kutubxona fondidan mumtoz, oʻzbek, jahon va bolalar adabiyotidan iborat 400ga yaqin kitob joy olgan. Kelgusida kitob fondimiz yanada boyib, milliy va jahon adabiyotining sara asarlarini shu yerning oʻzida oʻqish imkoni boʻladi, – deydi “Yoshlar markazi” xodimi Musurmon Toʻychiyev.