Zargarlik buyumlarini bojxona deklaratsiyasini toʻldirmasdan olib chiqish mumkin

    Bu haqda Bojxona qoʻmitasi xabar berdi.

    Endi qiymati 100 mln soʻmgacha boʻlgan tayyor zargarlik buyumlarini yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldirmasdan olib chiqish mumkin.

    Jismoniy shaxslar qiymati 100 mln soʻmgacha boʻlgan tayyor zargarlik buyumlarini yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldirmasdan, 100 mln soʻm va undan ortiq boʻlganlarini yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga olib chiqishlari mumkin. Bu haqda Bojxona qoʻmitasi xabar berdi.

    Avvalgi tartib boʻyicha qiymati 5 ming dollargacha boʻlgan tayyor zargarlik buyumlarini yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldirmasdan Oʻzbekistondan olib chiqish mumkin edi.

    Prezidentning 2022-yil 23-dekabrdagi PQ-452-son qarorida belgilangan tartibga koʻra, zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar zargarlik buyumlarini yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldirgan holda, maʼlumotlarni Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritmasdan Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga tijorat maqsadlarida olib chiqishi mumkin.

    Bundan tashqari, 2023-yil 1-fevraldan boshlab, affinaj korxonalari va zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar:

    - qimmatbaho metallarni va tarkibida qimmatbaho metallar mavjud boʻlgan xomashyoni bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirishda;

    - bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirilgan qimmatbaho metallarni va tarkibida qimmatbaho metallari mavjud boʻlgan xomashyoni qayta ishlash mahsulotlarini Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga olib chiqishda maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qilish uchun litsenziya olish majburiyatidan ozod etildi.

    2026-yil 1-yanvarga qadar marvarid, olmos, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlarga import bojxona bojlari 0 foiz etib belgilandi.