Toshkent xalqaro aeroportida tilladan yasalgan zargarlik buyumlarini noqonuniy olib oʻtishga boʻlgan urinishlar oʻz vaqtida bartaraf etildi.

Xususan, Toshkent xalqaro aeroporti chegara bojxona posti xodimlari tomonidan xorijiy aviareys bilan uchib kelgan fuqaro M.K.ning qoʻl yuklari bojxona koʻrigidan oʻtkazilganida, uning yuklari orasida bojxona nazoratidan yashirilgan va jismoniy shaxslar tomonidan bojxona toʻlovlarisiz olib oʻtish meʼyoridan ortiq boʻlgan umumiy qiymati taxminan 74 mln. soʻmga teng boʻlgan 188,7 gr. tilladan yasalgan zargarlik buyumlari borligi aniqlangan.

Xalqaro aeroport hududida aniqlangan yana bir holatda bojxona posti xodimlari tomonidan xorijga yoʻl olgan ikki nafar fuqaro M.M. va M.T.lar bojxona koʻrigidan oʻtkazilganida, fuqarolarning biriga tegishli boʻlgan qoʻl sumkasiga hamda ikkinchisining kiyimlari orasiga yashirilgan umumiy 53 mln. soʻmlik 151 gr. tilladan yasalgan zargarlik buyumlari borligi aniqlandi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.