Uchrashuvda O‘zbekiston terma jamoasi birinchi bo‘lib hisobni ochdi. 41-daqiqada Xolida Dadaboyeva o‘z nomini tabloga yozdirdi.
Biroq Xitoy terma jamoasi ikkinchi bo‘limda javob golini kiritdi. 70-daqiqada Jan Lin Yan hisobni tenglashtirdi. Qolgan daqiqalarda boshqa gol urilmadi.
Shu tariqa, O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Osiyo o‘yinlaridagi dastlabki ikki uchrashuvidan 2 ochko jamg‘ardi. Jamoa birinchi turda ham Filippin bilan 1:1 hisobida durang o‘ynagan edi.
Ayni paytda «G» guruhida Xitoy 2 ta uchrashuvdan 4 ochko bilan peshqadam, O‘zbekiston esa 2 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda. Filippin 1 ochkoga ega, Gonkongda hozircha ochko yo‘q. Filippin — Gonkong uchrashuvi hali o‘tkazilmagani bois jadvaldagi holat o‘zgarishi mumkin.
O‘zbekiston terma jamoasi guruh bosqichidagi so‘nggi uchrashuvini 21 sentyabr kuni Gonkongga qarshi o‘tkazadi. Bahs Toshkent vaqti bilan 12:00 da boshlanishi rejalashtirilgan.
Musobaqa nizomiga ko‘ra, har bir guruhda dastlabki ikki o‘rinni egallagan jamoalar, shuningdek, uchinchi o‘rin sohiblari orasida eng yaxshi natija qayd etgan ikki terma jamoa chorak finalga yo‘llanma oladi.