Bu haqida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi xabar berdi.
Aytilishicha, Agentlik direktori Abdulla Azizov Qobul shahriga xizmat safari doirasida Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston farmatsevtika mahsulotlarining sifati va raqobatbardoshligi yuqori ekani, shu asosda ikki tomonlama farmatsevtika savdosini 500 mln AQSh dollariga yetkazish ustuvor maqsad sifatida belgilandi.
Mazkur maqsadga erishish uchun qo‘shma operativ ishchi guruh tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek:
- Afg‘onistonda GDP (Good Distribution Practice) standartlari asosida hamkorlikni rivojlantirish;
- yirik distributorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi takliflar ilgari surildi.
Tomonlar texnik ishchi guruh tuzish, axborot almashinuvini kuchaytirish hamda yaqin istiqbolda ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarni imzolash muhimligini alohida ta’kidladilar.