Bu haqida “Dunyo” AA xabar bermoqda.

“TRT-Avaz” portalida yozilishicha, sammitda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov turkiy davlatlarning iqtisodiy va sanoat mustaqilligini mustahkamlash boʻyicha qator strategik takliflarni bildirgan. U Tashkilot doirasida Doimiy iqtisodiy hamkorlik kengashini Bosh vazir oʻrinbosarlari darajasida tashkil etishni taklif qilgan.

Taʼkidlanishicha, Gabala sammitida erishilgan kelishuvlar davlatlar oʻrtasidagi savdo aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Mutaxassislar hozirgi global iqtisodiy noaniqliklar sharoitida turkiy davlatlarning mustahkam institutsional tuzilmada birlashishi muhim ahamiyat kasb etishini alohida qayd etgan.

Materialda bayon etilishicha, Oʻzbekistonning tashabbuslari faqat savdo bilan cheklanmaydi. Oʻzbekiston Bosh vaziri turkiy dunyo oʻz ishlab chiqarish zanjirlarini yaratishi lozimligiga urgʻu bergan. Shu maqsadda, Turkij davlatlar sanoat ittifoqini tashkil etish orqali ishlab chiqarish quvvatlarini birlashtirish, strategik mineral boyliklarni qayta ishlash va qiymat zanjirini yaratish boʻyicha qoʻshma dastur qabul qilish tashabbusi ilgari surilgan.

“TRT-Avaz”ning taʼkidlashicha, Oʻzbekistonning keng qamrovli tashabbuslari turkiy dunyoni Yevroosiyoda texnologik va sanoat jihatdan mustaqil, qudratli hamkorlik platformasiga aylanishiga zamin yaratadi.