Yigʻilishga Oʻzbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda Serbiyaning xalqaro iqtisodiy aloqalar boʻyicha vaziri Nenad Popovich hamraislik qildi. Unda ikki mamlakat vazirlik va idoralari, shuningdek, hududlar vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish va transport-infratuzilma sohasidagi sheriklik masalalari muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, iqtisodiy hamkorlik hamda investitsiyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoya qilish toʻgʻrisidagi bitimlarning kuchga kirishi ikki davlat oʻrtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish uchun huquqiy asos yaratgan.
Savdoni yanada liberallashtirish maqsadida Erkin savdo toʻgʻrisidagi bitim boʻyicha muzokaralarni boshlash uchun ishchi guruh tuzishga oid Qoʻshma deklaratsiyani imzolashga tayyorgarlik koʻrildi.
Ayni paytda Oʻzbekistonda Serbiya kapitali ishtirokidagi 10 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Tomonlar butlovchi qismlar va dori vositalarini mahalliylashtirish, toʻqimachilik, urugʻchilik, bogʻdorchilik va sutni qayta ishlash sohalarida qoʻshma ishlab chiqarishlarni yoʻlga qoʻyish imkoniyatlarini belgilab oldi.
Texnologik hamkorlik doirasida kritik minerallar, raqamli geologiya, sunʼiy intellekt, 5G texnologiyalari va eksportga yoʻnaltirilgan IT-loyihalar muhokama qilindi.
Transport sohasida yuk tashishni soddalashtirish uchun ruxsatnomalar va dastlabki bojxona maʼlumotlarini elektron shaklda almashish taklif etildi. Shuningdek, Oʻzbekistonning Serbiya temiryoʻl tarmogʻini modernizatsiya qilishda, jumladan 200 kilometrlik uchastka qurilishida ishtirok etish istiqbollari koʻrib chiqildi.
Tomonlar 2027 yilda Belgradda oʻtkaziladigan EXPO 2027 koʻrgazmasi doirasida qoʻshma biznes tadbirlarini tashkil etishni rejalashtirgan.
Yigʻilishda, shuningdek, ilm-fan, akademik almashinuv, madaniyat, turizm, mehnat migratsiyasi va ijtimoiy himoya sohalaridagi hamkorlik masalalari koʻrib chiqildi. Toshkent–Belgrad, Samarqand–Novi-Sad shaharlar, shuningdek, Samarqand viloyati va Voyevodina Avtonom oʻlkasi oʻrtasidagi sheriklikni rivojlantirish qoʻllab-quvvatlandi.
Yigʻilish yakunida 2026–2028 yillarda sanoat sherikligini rivojlantirish boʻyicha Qoʻshma harakatlar rejasi imzolandi. Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishini 2027 yilda Oʻzbekistonda oʻtkazishga kelishib olindi.