«Oila va gender» ilmiy-tadqiqot instituti bu boradagi tahlillarini e’lon qildi.

2025 yil holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda nikoh barqarorligi koeffitsiyenti 175,6 promilleni tashkil etgan.

Bu har 1000 ta nikohga o‘rtacha 175 ta ajrim to‘g‘ri kelishini anglatadi. Mazkur ko‘rsatkich xalqaro miqyosda past bo‘lib, mamlakatda ajrimlar darajasi ko‘plab davlatlarga nisbatan ancha kam ekanini ko‘rsatadi.

Jumladan, nikoh barqarorligi koeffitsiyenti Moldovada – 642,7, Ozarbayjonda – 431,9, Qozog‘istonda – 328,2, Qirg‘izistonda esa – 289,6 promilleni tashkil etadi.

Bu raqamlar bilan solishtirganda, O‘zbekistonda oila instituti nisbatan barqaror ekani namoyon bo‘ladi.

Hududlar kesimida tahlil qilinganda, Qashqadaryo, Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida nikoh barqarorligi yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Aksincha, Toshkent shahri, Sirdaryo va Toshkent viloyatida ajrimlar nisbatan yuqoriroq ekani kuzatiladi