Milliy statistika qoʻmitasi tahlillariga koʻra, eng yuqori oʻsish surʼati tashish va saqlash sohasida kuzatildi. Ushbu yoʻnalishda ish haqi 22,5 foizga oshib, 10 mln 709,3 ming soʻmga yetgan.

Shuningdek, moliyaviy sektor — bank, sugʻurta, lizing va kredit tashkilotlarida ham yuqori oʻsish qayd etildi. Bu sohada oʻrtacha ish haqi 18 mln 595,8 ming soʻmni tashkil etdi (oʻsish — 18,2 foiz).

Sanoat sohasida oʻrtacha ish haqi 8 mln 25,6 ming soʻm boʻlib, 16,1 foizga oshgan.

Taʼlim tizimida bu koʻrsatkich 4 mln 615,9 ming soʻmga yetgan (14,2 foiz oʻsish), sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida esa 4 mln 111,6 ming soʻmni tashkil etib, 13 foizga oʻsgan.

Shu bilan birga, yashash va ovqatlanish xizmatlarida oʻrtacha ish haqi 5 mln 331,9 ming soʻmga yetgan (12,2 foiz oʻsish).

Axborot va aloqa sohasida 16 mln 525,4 ming soʻm (11 foiz), savdo sohasida 7 mln 213,4 ming soʻm (10,4 foiz), sanʼat va dam olish yoʻnalishida 5 mln 357,7 ming soʻm (10 foiz) miqdorida ish haqi qayd etilgan.

Qurilish sohasida esa oʻrtacha ish haqi 6 mln 496,1 ming soʻm boʻlib, 7,2 foizga oʻsgan.

Qayd etishicha, yuqori maoshli sohalar asosan moliya va axborot texnologiyalari bilan bogʻliq boʻlib, bu yoʻnalishlarda kadrlarga talab yuqori ekani kuzatilmoqda.