Bu haqida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi maʼlum qildi.

Shuningdek, mart oyida faollikning bunday oshishi qisman aprel oyidan joriy etilgan yangi hisob-kitob tartibiga oʻtish bilan bogʻliq. Mazkur oʻzgarish ayrim xaridorlarni uy-joy sotib olishni oldinroq amalga oshirishga undagan boʻlishi mumkin. Yillik hisobda bozorda sezilarli oʻsish kuzatilgan. Jumladan, bitimlar soni oʻtgan yilning mart oyiga nisbatan 2 baravarga oshgan.

Mart oyi yakunlariga koʻra, oʻtgan oyga nisbatan respublikadagi barcha hududlarda uy-joy bozorida faollik oshgan.
Eng yuqori oʻsish Sirdaryo viloyatida qayd etildi — bu yerda bitimlar soni 64,6 foizga oshgan. Shuningdek, Jizzax viloyatida 73,2 foiz Namangan viloyatida esa 63 foiz, oʻsish kuzatilgan.

Andijon, Buxoro, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida ham oʻsish surʼati 40–50 foiz atrofida boʻlgan.

Toshkent shahrida yangi uylar narxi oshgan

Poytaxtda uy-joy narxlari segmentlar kesimida turlicha oʻzgargan. Ikkilamchi bozorda oʻsish sekinlashgan boʻlsa, yangi uylar bozorida narxlar sezilarli darajada oshgan.

Yillik hisobda ikkilamchi bozorda bir kvadrat metr uy-joyning oʻrtacha narxi 5 foizga koʻtarilgan. Eng yuqori koʻrsatkich Mirobod tumanida — 7,3 foiz, Mirzo Ulugʻbek tumanida — 7,2 foiz va Chilonzor tumanida — 6,9 foiz boʻlgan.

Yangi uy-joylar bozorida esa narxlar yanada tezroq oʻsgan. Oʻtgan yilning mart oyiga nisbatan bir kvadrat metrning oʻrtacha narxi 8,8 foizga oshgan. Eng yuqori koʻrsatkich Mirzo Ulugʻbek tumanida — 15,5 foiz, Mirobod tumanida — 14,9 foiz va Yunusobod tumanida — 14,6 foiz darajasida qayd etilgan.

Ikkilamchi uy-joy bozorida ham narxlar oshgan

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hisobotiga koʻra mart oyi yakunlariga koʻra, respublika boʻyicha ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar oylik hisobda 0,4 foizga oshgan.

Yillik hisobda esa narxlar oʻsishi yuqoriligicha qolmoqda. Oʻrtacha olganda, ikkilamchi uy-joy narxi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 10 foizga koʻtarilgan.

Eng katta oʻsish Sirdaryo viloyatida kuzatilib, narxlar 22 foizga oshgan. Samarqand viloyatida bu koʻrsatkich 18,7 foiz, Andijon viloyatida esa 17,6 foizni tashkil etgan.

Toshkent shahrida uy-joy ijara­si oshgan

Mart oyida Toshkent shahrida uy-joy ijarasining oʻrtacha narxi har bir kvadrat metr uchun qariyb 8,9 dollarni tashkil etgan. Bu fevral oyiga nisbatan 2,7 foizga, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan esa 10,8 foizga yuqori.

Eng yuqori ijara narxlari asosan poytaxtning markaziy tumanlarida saqlanib qolmoqda. Jumladan, Mirobod, Shayxontohur, Yakkasaroy va Mirzo Ulugʻbek tumanlarida bir kvadrat metr ijara narxi oʻrtacha 11 dollar atrofida boʻlgan.

Shu bilan birga, yillik hisobda ijara narxlarining eng katta oʻsishi Yashnobod tumanida kuzatilib, 18,9 foizni tashkil etgan. Mirzo Ulugʻbek tumanida bu koʻrsatkich 14,3 foiz, Yakkasaroy tumanida esa 12,5 foiz boʻlgan.