Uchrashuvdan soʻng “ACWA” kompaniyasi rahbari Muhammad ABUNAYYaNning fikrlari bilan qiziqdik.

– Avvalo shuni alohida aytishim kerak, oʻz yurtimdek boʻlib qolgan Oʻzbekistonda ekanimdan xursandman. Bu yerga har kelishim oʻziga xos tuygʻu bagʻishlaydi, shu lahzalarni intiqlik bilan kutaman, – dedi Muhammad Abunayyan. – Ushbu imkoniyat uchun minnatdorman. Oʻzbekistonga har safar kelganimda Prezident Janobi Oliy­lari uchrashuvga taklif qilib, yuksak hurmat koʻrsatadilar. Bu men uchun katta sharaf.

Har gal u kishi bilan uchrashish, Saudiya – Oʻzbekiston kengashi doirasida turli sohalarga sarmoya jalb etishni kengaytirishga qaratilgan ulkan maqsadlar haqida eshitish men uchun katta mamnuniyatdir. Shu bilan birga, ushbu sarmoyalar qay darajada amalga oshirilayotganini ham birgalikda koʻrib chiqamiz.

Janobi Oliy­lari barcha jarayonlardan doimo xabardor. U kishi har bir loyihaning holati haqida soʻraydi. Jarayonni tezlashtirish va muvaffaqiyatga erishish uchun zarur boʻlgan barcha yordamni taʼminlaydi. Ularning tashabbuslari va amalga oshirayotgan islohotlari ushbu sarmoyalarning muvaffaqiyatli amalga oshishiga mustahkam zamin yaratib kelmoqda.

Bu sarmoyalar nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy jihatdan ham katta ahamiyatga ega. Har bir uchrashuvda biz, avvalo, amalga oshirilgan ishlarga baho beramiz. Shu bilan birga, kelgusida Oʻzbekistonga qanday yangi sarmoyalarni olib kirish masalasini muhokama qilamiz.

Shuningdek, Janobi Oliy­lari kompaniyamizning turli hududlarda, turli texnologiyalar va yechimlar asosida amalga oshirayotgan barcha loyihalarini ham shaxsan kuzatib bormoqda.

Aytish joizki, u kishi Oʻzbekistonning strategik rivojlanish yoʻlini juda erta belgilab berdi. Xususan, yashil energetika, energiya almashinuvи va energetik xavfsizlik masalalariga juda erta eʼtibor qaratilgan.

Oʻzbekiston Prezidenti boshqa koʻplab davlatlar hali bu masalalarga toʻliq eʼtibor qaratmasidan oldin, ushbu yoʻnalishlarda aniq va uzoqni koʻzlagan maqsadlarni belgilab berdi. Qayta tiklanadigan va yashil energiya ulushini oshirish boʻyicha qatʼiy yondashuv shakllandi.

Eng muhimi, bu loyihalar faqat texnologiya nuqtai nazaridan emas, balki iqtisodiy samaradorlik va ijtimoiy taʼsir jihatidan ham puxta oʻylangan. Bu esa samaradorlikni taʼminlaydi, tannarxni optimallashtiradi va barqaror natijaga olib keladi.

Aytish kerakki, bugungi kunda Oʻzbekistonning energiya siyosati koʻplab mamlakatlar uchun namuna boʻla oladi. 

Bu jarayonda faqat taʼminot masalasi emas, balki toʻgʻri iqtisodiy yondashuv va ijtimoiy omillar, jumladan, mahalliy kadrlar tayyorlash ham hisobga olingan.

Janob Prezident inson kapitaliga alohida eʼtibor qaratadi. Mamlakatingizda yoshlarni yangi texnologiyalarga oʻqitish, ularni zamonaviy bilimlar bilan taʼminlash, mahalliy mutaxassislarni tayyorlash masalalari ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Qurilish, ekspluatatsiya va texnik xizmat koʻrsatish kabi jarayonlarda mahalliy kadrlarning ishtirokini taʼminlash, ularni oʻqitish va rivojlantirish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Saudiya Arabistonida energetik transformatsiya va yashil energetikani joriy etish jarayoni Valiahd shahzoda va Bosh vazir rahbarligi ostida muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlik natijasida energetika samaradorligi boʻyicha muhim yangiliklar va bilimlar almashinuvi yoʻlga qoʻyildi. Bugun bu yoʻnalishda institutsional asoslar ham yaratilgan.

Bularning barchasi Saudiya Arabistoni va Oʻzbekiston oʻrtasida Janobi Oliy­lari Prezident Shavkat Mirziyoyevning yetakchiligi ostida shakllangan yaqin va ishonchli hamkorlik samarasi­dir.

Bugungi kunda dunyodagi koʻplab mamlakatlar energetik xavfsizlik masalasini inqiroz sharoitida hal qilishga majbur boʻlmoqda. Ammo Oʻzbekistonda bu masala ancha oldindan, strategik yondashuv asosida hal etilgan. Shu sababli ham mamlakat bugungi global oʻzgarishlarga barqaror holda javob bermoqda.

Bu esa Prezidentingizning uzoqni koʻra bilishi, qatʼiyati va puxta rejalashtirilgan siyosati natijasidir.

Bilasizmi, ochiq va samimiy aytadigan boʻlsam, men u kishining yetakchiligidan juda taʼsirlanganman. Dunyo­da strategiya va qarashlar haqida gapiradigan yetakchilar koʻp. Lekin bu gʻoyalarni amalga oshiradigan, ularni real natijaga aylantiradigan yetakchilar juda kam.

Janobi Oliy­lari Prezident Shavkat Mirziyoyev aynan shunday yetakchi. U kishi nafaqat strategiya belgilaydi, balki uni hayotga tatbiq etadi, natijaga erishadi va bu jarayonga shaxsan masʼuliyat bilan yondashadi.

Eng katta ustunligi egalik hissi va amaliy yondashuvidir. U kishi faqat reja tuzib qolmaydi, balki uni toʻliq amalga oshirishga erishadi. Shu bilan birga, nafaqat mamlakat yoki mintaqa uchun, balki xalqaro hamjamiyat uchun ham kuchli namuna boʻlib kelmoqda.

Bugun biz buni amalda koʻrib turibmiz. Ilgari Oʻzbekistonga investorlarni jalb qilish juda qiyin edi. Koʻplab davlatlardan investorlar deyarli kelmasdi.

Hozir esa vaziyat mutlaqo oʻzgargan. Bugun butun dunyodan sifatli va yirik investorlar Oʻzbekistonga kelmoqda. Bu katta mehnat, izchil islohotlar va qatʼiy siyosiy iroda natijasidir.

Shaffoflikni taʼminlash, institutsional islohotlar, meʼyoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, qonun ustuvorligini mustahkamlash – bularning barchasi bosqichma-bosqich amalga oshirildi. Va, eng muhimi, bu jarayonlar ortida haqiqiy qatʼiyat va amaliy harakat turibdi.

Bugun xalqaro anjumanlarda ham buni yaqqol koʻrish mumkin. Biz ayni paytda ishtirok etayotgan tadbirda ham dunyoning turli burchaklaridan kelgan ishtirokchilarni koʻrib turibmiz.

Yaqin kunlarda boʻlib oʻtadigan investitsiya forumida ham bu yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Ishonchim komilki, u yerda siz dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan yetakchi kompaniyalar va investorlarni koʻrasiz.

Bu Oʻzbekistonning qanday oʻzgargani, qanday imkoniyatlar ochilganini koʻrsatadigan eng aniq dalildir.

Men bir narsani alohida taʼkidlamoqchiman. Oʻzbekiston har qanday investor­mas, balki, jiddiy, uzoq muddatli, masʼuliyatli va sheriklikka tayyorlarni­gina qabul qiladi.

Bu yerda “kelib-ketadigan” sarmoyadorlar uchun sharoit yaratilmaydi. Uzoq muddatli, oʻzaro manfaatli va barqaror hamkorlik qadrlanadi.

Bunday yondashuv natijasida sifatli investorlar kelmoqda va ular oʻz sarmoyasidan munosib natija olmoqda.

Janobi Oliy­lari Prezidentga alohida rahmat aytish kerak. U kishi juda koʻp mamlakatlarda hali kuzatilmagan darajadagi islohotlarni amalga oshirdi.

Markaziy Osiyoga qarang. U kishi qoʻshni davlatlar bilan munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Koʻplab kelishmovchiliklarni hal qilishga xizmat qildi va mintaqada oʻzaro ishonch va hamkorlik muhitini shakllantirdi.

Bugun Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi yaqinlik va hamjihatlik – bu ham kuchli siyosiy iroda va yetakchilik natijasi.

Nega baʼzi davlatlar bunday tezlikka erisha olmayapti? Chunki bu yerda faqat rahbarlik emas, balki yetuk strategik fikrlash va amaliy harakat uygʻunligi mavjud.

Janobi Oliy­lari Prezident ana shu uygʻunlikni taʼminlay olgan yetakchi. Shu sababli ham bugun koʻplab davlatlar va xalqaro doiralar Oʻzbekistondagi oʻzgarishlarga katta qiziqish bilan qaramoqda.

Xitoy, Shveytsariya, Amerika Qoʻshma Shtatlari kabi boshqa koʻplab mamlakatlarda boʻldim. Ham­ma joyda bir narsani koʻrdim. Odamlar Oʻzbekiston haqida eshitgan, qiziqish bildirmoqda va bu mamlakatni yaqindan tanishni istayapti.

Oʻzbekiston bugun dunyodagi eng yorqin transformatsiya misollaridan biriga aylandi. Va, bu, albatta, Janobi Oliy­lari Prezidentning yetakchiligi va xalqning qoʻllab-quvvatlashi natijasidir.

Shu bilan birga, men bir muhim jihatni alohida taʼkidlamoqchiman: bu yutuqlar ortida buyuk xalq turibdi. Yoshlar mamlakatning eng katta boyligi hisoblanadi. Ular bilimga chanqoq, oʻzgarishlarga tayyor va yuqori maqsadlarga intilmoqda. Bu esa kelajak uchun yanada katta imkoniyatlar eshigini ochadi.

Biz esa, Saudiya Arabistoni va Saudiya biznes kengashi sifatida, shuningdek, ACWA va Vision Invest kompaniyalari orqali, Oʻzbekistonda turli infratuzilma loyihalariga sarmoya kiritmoqdamiz.

Ushbu loyihalar qatorida aeroportlar, tibbiyot muassasalari, jumladan, Fargʻonadagi shifoxona, shuningdek, suv taʼminoti, suvni qayta ishlash, markazlashtirilgan sovitish va isitish tizimlari kabi yirik tashabbuslar bor.

Bundan tashqari, koʻchmas mulk, turizm va ishlab chiqarish sohalarida ham faol ish olib borilmoqda. Biz Oʻzbekistonga zamonaviy texnologiyalar va yuqori sifatli ishlab chiqarish yechimlarini olib kirmoqdamiz.

Ayrim kompaniyalar bu yerda mahalliy korxonalarni sotib olib, nou-xau va zamonaviy texnologiyalarni joriy etmoqda.

Bizning maqsadimiz Oʻzbekistonni faqat isteʼmol bozori sifatida emas, balki mintaqaviy markazga aylantirishdir. Yaʼni bu yerda yaratilgan mahsulotlar va yechimlar keyinchalik boshqa mamlakatlarga ham eksport qilinadi. Bu esa Oʻzbekistonni texnologiya va bilim tarqatuvchi markazga aylantiradi.

Shu maʼnoda, Saudiya Arabistonidagi rahbariyat – Valiahd shahzoda va Bosh vazir, shuningdek, energetika vaziri Janobi Oliy­lari Shahzoda Abdulaziz bin Salmonning qoʻllab-quvvatlashi bu hamkorlikni yanada kuchaytirmoqda.

Ularning qarashlari va ambitsiyalari doimo oldinga intilishka qaratilgan va bu hamkorlik yil sayin yanada kengayib bormoqda.

Sizga juda muhim bir jihatni aytib bermoqchiman. Men siyosatchi emasman, tadbirkorman. Lekin tadbirkor sifatida amaliyotda koʻrayotgan narsam shuki, bugungi kunda dunyoda noaniqliklar juda koʻpaydi. Geosiyosiy vaziyat, urushlar, turli xavflar – bularning barchasi koʻplab mamlakatlarni yanada ehtiyotkor, hatto konservativ qilib qoʻydi.

Koʻp davlatlar endilikda asosan oʻz ichki bozoriga eʼtibor qaratmoqda, boshqa mamlakatlarga sarmoya kiritishga unchalik shoshilmayapti.

Ammo bizning holatimiz boshqacha. Saudiya Arabistoni va Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlar – oddiy hamkorlik emas, – oʻzaro ishonchga asoslangan strategik sheriklik.

Ikki mamlakat rahbarlari – Valiahd shahzoda, Bosh vazir va Janobi Oliy­lari Prezident oʻrtasida shakllangan yaqin va ishonchli munosabatlar biz, tadbirkorlar uchun juda katta ahamiyatga ega.

Bu ishonch bizga nafaqat ishonch, balki yana-da koʻproq ish qilish, yana-da kattaroq loyihalarga kirishish va yana-da katta natijalarga erishish uchun kuchli motivatsiya beradi.

Shu oʻrinda aniq aytishim mumkin, kecha Janobi Oliy­lari Prezidentga aytganimizdek, Saudiya Arabistonidan kiritilgan sarmoya hajmi 26 milliard dollardan oshgan boʻlsa, endi  bu koʻrsatkichni yanada oshiramiz.

Janobi Oliy­lari rahbarligi ostida bergan vaʼdamizga muvofiq, bu yil sarmoya hajmini 30 milliard dollardan oshirishni rejalashtirganmiz.

Bu bilan cheklanib qolmaymiz. Biz allaqachon 2030 yilgacha boʻlgan rejalarni tuzmoqdamiz.

Chunki ikki mamlakat yetakchilari oʻrtasida umumiy maqsadlar va katta rejalar bor.  Ular doimo oldinga intiladi va erishilgan natijalar bilan cheklanib qolmaydi.

Ularning maqsadlari yuqori, va, biz, biznes vakillari sifatida, bu maqsadlarni amalga oshirishda faol ishtirok etishimiz kerak.

Bizning vazifamiz Saudiya Arabistoni va sevimli mamlakatimiz Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlaydigan haqiqiy iqtisodiy sherikka aylanishdir.

Saudiya Arabistonidan kelgan biznes vakillari sifatida bu yerda nafaqat sarmoya kiritish, balki qoʻshma qiymat yaratish, yangi imkoniyatlar ochish va Oʻzbekiston taraqqiyotiga hissa qoʻshish uchun kelganmiz.

Shaxsan men har safar bu yerga kelganimda oʻzimni uyimdagidek his qilaman. Bu mamlakatga kelganda menda doimo xursandchilik va ilhom paydo boʻladi.

Ketayotganimda esa, yana qachon qaytib kelishim haqida oʻylayman.

Inshaalloh, yaqin oylarda yana qaytib kelaman. Investitsiya forumida yana uchrashamiz.

Shunda bugungi uchrashuv va muhokamalardan keyin qanday natijalarga erishganimiz, qanday yangi loyihalarni amalga oshirganimiz va Oʻzbekistonga yana qanday sarmoyalar va bilimlarni olib kelganimizni birgalikda muhokama qilamiz.