Maʼlum qilinishicha, armaturachilar uchun 50 ta, duradgorlar uchun 50 ta, qurilish muhandislari uchun 5 ta, kran operatorlari uchun 5 ta hamda stanok operatorlari uchun 10 ta ish oʻrni mavjud.

Ish haqi mutaxassislikka qarab 1 ming yevrodan 1,5 ming yevrogacha boʻlib, bu summa qoʻlga tegadigan maosh sifatida koʻrsatilgan. Qurilish muhandislariga 1,5 ming yevro, kran va stanok operatorlariga 1,2 ming yevro, armaturachi hamda duradgorlarga 1 ming yevrodan maosh taklif etilmoqda.

Ish vaqti haftasiga besh kun, soat 07:00 dan 17:00 gacha. Mehnat shartnomasi kamida bir yilga tuziladi va uni uzaytirish imkoniyati mavjud.

Nomzodlar tegishli yoʻnalish boʻyicha kasb-hunar taʼlimiga ega boʻlishi, kamida 5-yillik ish tajribasiga ega boʻlishi hamda ingliz tilini boshlangʻich darajada bilishi kerak. Rus tilini bilish afzallik beradi. Shuningdek, nomzod sudlanmagan, jismonan sogʻlom, masʼuliyatli va jamoada ishlay oladigan boʻlishi talab etiladi.

Qurilish muhandislari uchun qurilish (fuqaro muhandisligi) fakultetini tamomlaganlik talabi belgilangan. Kran operatorlari esa balandlikda ishlash imkoniyatiga ega boʻlishi kerak.

Ish beruvchi tomonidan ish vizasi va ishlash ruxsatnomasini rasmiylashtirish, Oʻzbekistondan Serbiyaga borish xarajatlari, aeroportdan yashash joyigacha transfer, turar joy, kuniga ikki mahal ovqatlanish hamda tibbiy sugʻurta xarajatlari qoplanishi koʻrsatilgan.

Nomzodlarni roʻyxatdan oʻtkazish 20-avgustga qadar davom etadi. Ish beruvchi bilan onlayn suhbatlar esa 25–28-avgust kunlari oʻtkaziladi.