Muloqotda tibbiyot, turizm, aviatsiya va axborot texnologiyalari sohalarida mehnat bozori ehtiyojlari hamda Oʻzbekistonda maqsadli tayyorlov kurslarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakuniga koʻra, Qatarning Bandlik va Sogʻliqni saqlash vazirliklari vakillarining Oʻzbekistonga tashrifi tashkil etiladi. Shuningdek, idoralararo ishchi guruh tuzish hamda tibbiyot xodimlarini Qatar standartlari asosida tayyorlash boʻyicha maxsus taʼlim dasturini yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi.

Shu bilan birga, Qatarning davlat bandlik tashkiloti — Jusuor rahbari Abdulhadi Barkan bilan muzokaralar oʻtkazildi.

Unga koʻra, Qatarda ishlash istagidagi yoshlar uchun 2026 yil sentyabr oyida Toshkent shahrida 50 dan ortiq ish beruvchi ishtirokida «Oʻzbekiston — Qatar mehnat forumi» tashkil etiladi.

Qatar Airways vitse-prezidenti Fatҳi Atti bilan uchrashuvda esa joriy yil may–iyun oylarida aviatsiya sohasi boʻyicha 65 nafar nomzodni tanlab olishga kelishildi. Ular bort kuzatuvchisi, muhandis va aeroport xodimi sifatida yuqori maoshli ishlarga joylashtiriladi.

Shuningdek, kelgusida uchuvchilik, mexanika, elektrotexnika va muhandislik yoʻnalishlari boʻyicha 1600 nafar oliy maʼlumotli mutaxassisni ishga jalb qilish loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda.