Emlashning qisqa muddatli kechiktirilishi 1- yoki 2-dozadan keyin vaksina tufayli organizmda hosil boʻladigan antitanalar miqdoriga yoki boshqa koʻrsatkichlarga taʼsir koʻrsatmaydi.
Ilmiy-tadqiqotlar hamda koʻp sonli aholi oʻrtasidagi ommaviy emlashning dastlabki natijalariga koʻra Xitoy Xalq Respublikasi dori vositalarini nazorat qilish agentligi (CDC) tomonidan vaksinaning 1-dozasi va 2-dozasi oʻrtasidagi oraliqni 2 oygacha choʻzishga, ikkinchi va uchinchi dozalar oraligʻini esa 3 oygacha choʻzishga ruxsat berilgan va Xitoyda bu amaliyot joriy qilingan. Hozirda Xitoyda mazkur ZF-UZ-VAC2001 vaksina bilan 0, 2, 6 oy sxemasida 140 million kishi emlangan va jarayon davom etmoqda.
ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi ustida borilgan tadqiqotlar ikkinchi va uchinchi dozalar oraligʻidagi vaqtning uzayishi koʻproq antitanalarning hosil boʻlishi va u koʻproq muddat davomida saqlanib qolishiga zamin yaratishini tasdiqlamoqda. Bu toʻgʻridagi maʼlumotlar quyidagi havoladagi ilmiy maqolada keltirilgan: www.biorxiv.org ZF-UZ-VAC-2001 vaksinasini ishlab chiqaruvchilar tomonidan berilgan maʼlumotlarga koʻra, ikkinchi va uchinchi doza oʻrtasidagi vaqt intervalini oshirish koronavirusning turli shtammlariga nisbatan neytrallashuvchi titrlarining oshishiga olib keladi.
Shuningdek, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan zaxiradagi ZF-UZ-VAC-2001 oʻzbek-xitoy vaksinasini faqat 1-doza bilan emlashga koʻrsatma berilishi tufayli ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “vaksinaning aholi bilmaydigan qandaydir nojoiz taʼsiri chiqqani” toʻgʻrisidagi taxminlar yoki “vaksina yetishmas ekan” degan mish-mishlar asossiz ekanini taʼkidlaymiz.
Agar vaksinaning nojoʻya taʼsiri aniqlanganida, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan aholi ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining 1-dozasi bilan emlanishiga ruxsat berilmagan boʻlar edi. Qolaversa, joriy yilning 5-6-avgust kunlari 2 mln.doza ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi yurtimizga olib kelindi va shu oyning ichida yana 2 mln doza olib kelinadi. Hukumat tomonidan Oʻzbekistonda ikki turdagi vaksinani, jumladan, ZF-UZ-VAC2001 vaksinasini ishlab chiqarish boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda va avgust oyining oxiriga qadar bu ishlar yoʻlga qoʻyiladi.
Global pandemiya davrida barchani emlanishga va karantin qoidalariga hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi qarorlariga qatʼiy amal qilishga chorlaymiz!
Innovatsion rivojlanish vazirligi
Axborot xizmati