Oʻzbekiston hamda Xitoy olimlari bilan hamkorlikda yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining Oʻzbekiston hamda boshqa davlatlarda oʻtkazilgan 3-faza sinovlari natijalari tibbiyot sohasidagi eng nufuzli jurnallardan biri – The New England Journal of Medicine (NEJM) da chop etildi. Maqola oʻzbek va xitoy olimlarining teng hammuallifligida yozilgan boʻlib, ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining samarasini oʻrganish va xavfsizligini tasdiqlash maqsadida olib borilgan platsebo-nazorat tadqiqotining natijalariga bagʻishlanadi.
ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi tadqiqotlarining 3-fazasi Oʻzbekiston, Xitoy, Indoneziya, Pokiston va Ekvador davlatlaridagi 31 ta klinik markazlarda oʻtkazilib, unda jami 29 mingga yaqin koʻngilli ishtirok etgan. Ushbu sinovda qatnashganlar 1:1 nisbatda vaksina yoki platsebo qabul qilishgan. 12 625 nafar vaksina olgan koʻngililar guruhida 158 ta COVID-19 infeksiyaga chalinish holatlari, 12 568 nafar platsebo qabul qilgan koʻngillilar guruhida esa 580 ta COVID-19 holatlari aniqlangan. Natijada, vaksinaning samaradorligi 75.7% ni tashkil qilgan. Shuningdek, vaksinaning COVID-19 kasalligining ogʻir va oʻta ogʻir shakliga chalinish holatlaridan hamda oʻlim holatlaridan saqlash koʻrsatkichi mos ravishda 87,6% hamda 86,5% ni tashkil qilgan.
Nojoʻya taʼsirlarning 98,5%i 1- yoki 2-darajada kechganligi aniqlangan. Oʻz navbatida vaksinaga aloqador oʻlim holatlari kuzatilmaganligi qayd etilgan. Maqolada ZF2001 vaksinasining COVID -19 holatlarining simptomsiz hamda ogʻir va oʻta ogʻir formalarini oldini olishda samarali hamda xavfsiz ekanligini taʼkidlanadi. Shunday qilib, ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi toʻliq emlangandan soʻng kamida olti oy davomida koronavirusning simptomli va oʻtkir shakllari bilan kasallanishning oldini oladi.
Qayd etish joizki, NEJM jurnali tibbiyot sohasidagi nufuzli jurnallardan biri boʻlib, 1812-yildan beri chop etiladi. Bu jurnal 2021-yilgi ilmiy jurnallar reytingida 91 impakt faktor (IF) ga ega boʻlib, yetakchi ilmiy jurnallarning eng oldingi uchligiga kiradi, deya xabar bermoqda Innovatsion rivojlanish vazirligi Axborot xizmati.