Maʼlumki, Qatarda oʻtgan futbol boʻyicha jahon chempionatiga qadar mundialdan soʻng Fransiya milliy jamoasini Zinedin Zidan boshqaradi degan gaplar bor edi. Ammo Zidanning Fransiya futbol federatsiyasi rahbariyati bilan munosabatidagi salbiy holat va milliy jamoaning JCHda muvaffaqiyatli ishtiroki tufayli bu ish amalga oshmadi. Didye Desham kamida Yevro-2024 yakuniga qadar bosh murabbiy sifatida qoldi.

The Athletic nashrining xabariga qaraganda, endi Zidan faqat uch klub – “Real”, “Yuventus” va “Marsel”dan tushadigan takliflarni koʻrib chiqishi mumkin. U uchinchi marta Madridga qaytishga qarshi emas.

Shuningdek, u “Marsel” da ham ish boshlashga tayyor, faqat buning uchun klub PSJ bilan jiddiy raqobatga kirishadigan imkoniyatga ega boʻlishi va sovrinlar uchun kurashishi lozim.

Zidan avvalroq PSJ taklifini rad etgandi. “Sababi futbolchi oʻzi tugʻilib, oʻsgan shahar jamoasi va bolaligidagi sevimli klubi “Marsel”ni yoqtiradi va hurmat qiladi”, – deyiladi The Athletic xabaridi.

Zidan 2021-yilda “Real”ni tark etgandan buyon ishsiz yuribdi.