Bu haqda Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, bu hududda asosan 10 mingdan ortiq etnik oʻzbeklar istiqomat qiladi.

Oʻzbekistonning Anqara shahridagi Elchixonasi va Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan fuqarolarimizni tabiiy ofat hududlaridan xavfsiz joylarga koʻchirish va mamlakatimizga olib kelishga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, 3-6-fevral kunlari Kahramanmarash shahrida 20 yoshgacha boʻlgan yoshlar oʻrtasida erkin kurash boʻyicha xalqaro musobaqada ishtirok etgan Oʻzbekiston terma jamoasi Turkiya tomoni bilan hamkorlikda Anqaradagi taʼlim markaziga vaqtinchalik joylashtirildi va ularning Oʻzbekistonga qaytarish masalalari ishlab chiqilmoqda.

Maʼlum qilinishicha, 2023-yil 7-fevral (Toshkent vaqti bilan) soat 10.00 holatiga koʻra, zilzila oqibatida Malatya provinsiyasida bir nafar Oʻzbekiston fuqarosi halok boʻlgan. Bundan tashqari, toʻrt nafar hamyurtimiz bedarak yoʻqolgan. Ularni topish boʻyicha tezkor qidiruv-qutqaruv ishlari amalga oshirilmoqda.

Hozirda zilzila oqibatida zarar koʻrgan fuqarolarga tegishli yordam koʻrsatish va ularning murojaatlarini koʻrib chiqish maqsadida Oʻzbekistonning Anqara shahridagi Elchixonasi qoshida 24 soat faoliyat yuritadigan shtab tashkil etilgan boʻlib, unga quyidagi raqam orqali murojaat qilish mumkin: +90-538-035-85-34.