Ushbu roʻyxatdan Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi xonimi, “Zamin” xalqaro jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva ham oʻrin oldi.
Ekspertlar Ziroat Mirziyoyevaning bolalarda onkologik kasalliklarni erta aniqlash va davolash tashabbuslarini ilgari surish, bolalar onkologiyasi sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, ogʻir kasalliklarga chalingan bolalarning yashovchanlik darajasini oshirish boʻyicha global harakatni qoʻllab-quvvatlashdagi hissasini alohida taʼkidlagan.
“Ziroat Mirziyoyeva 2025-yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasida Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va St. Jude tadqiqot shifoxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan «Saraton va boshqa hayot uchun xavfli kasalliklarga chalingan bolalarning yashovchanligini oshirish va azob-uqubatlarini kamaytirish boʻyicha global harakat” nomli muhim forumga raislik qildi hamda jahon hamjamiyatini saraton kasalligiga chalingan bolalarning yashovchanlik darajasini oshirish uchun shoshilinch choralar koʻrishga chaqirdi.
Uning faoliyatida butun dunyo boʻylab, ayniqsa yashovchanlik koʻrsatkichlari sezilarli darajada past boʻlgan mamlakatlarda bolalarga tibbiy yordamdan teng foydalanishni taʼminlash masalalari alohida oʻrin egallaydi. U milliy strategiyalarni 2030-yilga borib saraton kasalligiga chalingan bolalarning yashovchanlik darajasini 60 foizga yetkazishdek xalqaro maqsadlar bilan bogʻlash orqali Oʻzbekistonning global sogʻliqni saqlash siyosatidagi oʻrnini mustahkamladi», — deyiladi reytingda.
Ziroat Mirziyoyevaning xalqaro reytingga kiritilishi uning yuqumli boʻlmagan kasalliklarga qarshi kurashni milliy va global darajada kuchaytirishga qoʻshgan shaxsiy hissasining eʼtirofi, shu bilan birga, Yangi Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar samaradorligining tasdigʻidir.









