Ziyorat turizm sohasida muhim masalalar muhokama qilindi

    Turizm 13 Yanvar 2021 1897

    Bugungi kunda yangilanayotgan Oʻzbekiston dunyoga har tomonlama faol ravishda ochilmoqda, yurtimizning dunyoga mashhur ziyoratgoh, qadamjo va tarixiy obyektlariga sayyohlarni jalb qilish orqali mamlakatda sayyohlikni rivojlantirish ham ana shu muhim qadamlardan biridir.

    Oʻz navbatida, musulmon olamining mashhur olimlari Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Maturidiy, Bahouddin Naqshband, Mahmud Zamaxshariy, Ibn Sino, Beruniy, Forobiy va boshqalar zamonaviy Oʻzbekiston hududida yashab ijod qilgan, ularning ziyoratgoh komplekslari mamlakatda ziyorat turizmni rivojlantirishda muhim rol oʻynaydi. Oʻzbekistonning koʻp asrlik islom merosini hisobga olsak, ziyorat turizmni rivojlantirish mamlakat uchun katta istiqbollarga ega.

    Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirokida boʻlib oʻtgan uchrashuvda ham ushbu sohani yana-da rivojlantirish borasida muhim masalalar muhokama qilindi hamda 2021-yil uchun aniq reja va vazifalar belgilab olindi.

    Uchrashuvda yurtimiz ziyorat turizmni rivojlantirish boʻyicha boshqa mamlakatlarda mavjud boʻlmagan keng imkoniyatlarga ega ekani, ana shu imkoniyatlar eshigini ochish, uni dunyoga tarannum etish mutasaddilar oldida turgan eng muhim vazifalardan ekani ham taʼkidlandi.

    Muloqot davomida oʻtgan yilgi pandemiya sharoitida toʻxtab qolgan ziyorat turizmni rivojlantirish borasidagi belgilangan chora-tadbirlarni 2021-yilda yana-da kengroq koʻlamda amalga oshirish, yurtimizdagi yirik ziyoratgohlar, shuningdek, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Imom Nasafiy, Naqshbandiy va Yassaviy kabi ulugʻ allomalarning boy ilmiy meroslarini dunyoga keng targʻib qilish maqsadida tajribali diniy soha vakillaridan iborat targʻibot guruhini shakllantirish, ushbu guruhni reja asosida Rossiya, Qozogʻiston, Turkiya, Malayziya, Indoneziya, Pokiston va boshqa mamlakatlarga safarlarini tashkil etish masalasi ham koʻrib chiqildi. Shuningdek, Hindiston, Rossiya va Kavkaz musulmonlari, Indoneziya, Malayziya, Pokiston, Misrdan ziyoratchilarni Oʻzbekistonga olib kelish boʻyicha muzokaralar oʻtkazilayotgani ham alohida qayd etildi.

    Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda turizmning aynan shu turi boʻyicha Oʻzbekistonga Turkiya, Indoneziya, Malayziya, Rossiya, Pokiston, Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Yevropa va arab davlatlari fuqarolarida qiziqish juda katta ekani va bu borada oʻzaro hamkorlikda faoliyat yuritish orqali yaxshi natijalarga erishish mumkinligi qayd etildi.

    Uchrashuvda ziyorat turizm yoʻnalishida Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari bilan oʻzaro hamkorlikda faoliyat yuritishga kelishib olindi.

    Din ishlari boʻyicha qoʻmita

    Axborot xizmat