Qonunbuzilishlar Jizzax, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida qayd etilgan. Aniqlangan holatlar yuzasidan majburiy ko‘rsatmalar berilgan, ayrim mas’ullarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, hujjatlar sudga yuborilgan.

Jizzax viloyatida elektron maxsus axborot portallari ma’lumotlari asosida o‘tkazilgan monitoring natijasida umumiy qiymati 1,5 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzilishlar aniqlangan.

Xususan:

  • Arnasoy tuman tibbiyot birlashmasida — 588,3 mln so‘mlik autsorsing xizmati;
  • viloyat ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatida 6 ta savdoda — 333,1 mln so‘mlik tovar-moddiy boyliklari;
  • silga qarshi kurash dispanserida — 420 mln so‘mlik autsorsing xizmati;
  • Do‘stlik tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limida — 183,1 mln so‘mlik qurilish mollari xaridi.

Savdolarda ishtirokchilarga asossiz talablar qo‘yilgani va talabgorlar noto‘g‘ri baholangani aniqlangan. Shu munosabat bilan "Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning 29-moddasi talablari buzilganligi yuzasidan ishlar qo‘zg‘atilib, bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berilgan.

Mas’ullarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, sud organlariga yuborilgan.

Sirdaryo viloyatida "Issiqlik elektr tarmoqlari" AJning "Sirdaryo IES" filialida o‘tkazilgan tanlov va tender savdolari o‘rganildi.

Umumiy qiymati 22,5 mlrd so‘m bo‘lgan savdolarda "Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning 29-moddasi hamda "Davlat xaridlari to‘g‘risida"gi qonunning 42, 46 va 61-moddalari talablari buzilgani aniqlangan.

Holat yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 12 oktyabrdagi 225-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom asosida ish qo‘zg‘atilib, bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berilgan.