Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabida «Yangi O‘zbekiston» va «Pravda Vostoka» gazetalarari tahririyati hamda uning bosh muharriri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Salim Doniyorov ishtirokida ijodiy uchrashuv tashkil etildi.


Tadbirda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yoritishda milliy matbuotning o‘rni, bosma nashrlarning bugungi axborot makonidagi ahamiyati va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari Sardor Shukurullaev ommaviy axborot vositalari xalq bilan davlat o‘rtasidagi muloqotni ta’minlaydigan muhim ijtimoiy institutga aylanganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, «Yangi O‘zbekiston» va «Pravda Vostoka» gazetalarari mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni xolis va tahliliy yondashuv asosida yoritib kelmoqda. Ayniqsa, Jizzax viloyatida iqtisodiyot, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, turizm, innovatsiyalar va yoshlar siyosatiga oid materiallarning muntazam chop etilayotgani aholining islohotlarga daxldorlik hissini mustahkamlayotgani qayd etildi.


Ochiq muloqotda so‘zga chiqqan Salim Doniyorov raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotgan sharoitda ham bosma matbuot o‘z ahamiyatini yo‘qotmaganini ta’kidladi. Uning fikricha, gazeta nafaqat axborot manbai, balki davrning ishonchli solnomasi va kelajak avlod uchun tarixiy hujjat hisoblanadi.

Tadbirda «Pravda Vostoka»ning bir asrdan ziyod tarixga ega ekani, «Yangi O‘zbekiston» gazetasi esa mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichidagi g‘oya va maqsadlarni keng jamoatchilikka yetkazishda muhim axborot maydoni bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Shuningdek, har ikki nashr bosma va raqamli platformalarni uyg‘unlashtirgan konvergent tahririyat sifatida faoliyat yuritib, QR-kodlar, veb-sayt va ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘quvchilarga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratayotgani aytildi.

Uchrashuv doirasida Salim Doniyorovning «Yangi O‘zbekiston orzusi» kitobi taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Asarda davlat rahbari bilan ilk intervyu, davlat va jamoat arboblari bilan suhbatlar, mamlakat taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari, inson qadri, ma’naviyat, vatanparvarlik va Yangi O‘zbekiston g‘oyasiga bag‘ishlangan materiallar jamlangan. Kitobning ikkinchi qismida esa muallifning turli mavzulardagi tahliliy maqolalari o‘rin olgan.


Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Shuningdek, gazetchilikni targ‘ib qilishga qaratilgan savol-javoblar tashkil etildi va faol qatnashgan yoshlarga tahririyatning esdalik sovg‘alari topshirildi.

Qayd etilishicha, «Yangi O‘zbekiston» va «Pravda Vostoka» gazetalarari tahririyatining ijodiy uchrashuvlari avval Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Namangan va Qashqadaryo viloyatlarida ham o‘tkazilgan. Mustaqillikning 35 yilligi arafasida bunday uchrashuvlarni mamlakatning boshqa hududlarida ham tashkil etish rejalashtirilgan.