Bu haqida “Dunyo” axborot agentligi xabar qildi.

Qayd etilishicha, mazkur tashabbus Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasida sogʻliqni saqlash hamda tibbiy taʼlim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.

Oʻzbekiston elchixonasi Pokistonning yetakchi tibbiy uskunalar ishlab chiqaruvchilaridan biri — “Stahlmann Pro” kompaniyasi bilan muzokaralar oʻtkazdi. Natijada kompaniya Oʻzbekiston tibbiyot texnikumlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 10 turdagi zamonaviy tibbiy jihozlarni bepul grant asosida taqdim etgan.

Ushbu jihozlar talabalarning amaliy koʻnikmalarini oshirish, zamonaviy tibbiy texnologiyalar bilan ishlash tajribasini shakllantirish va raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Grant doirasida Jizzax shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi bazasida jarrohlik va stomatologiya simulyatsion markazini tashkil etish rejalashtirilgan. Yangi markazda talabalar amaliy mashgʻulotlar oʻtkazish, turli tibbiy jarayonlarni simulyatsiya qilish va murakkab klinik holatlar ustida ishlash imkoniyatiga ega boʻladi.

Mazkur tashabbus Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasida taʼlim hamda sogʻliqni saqlash sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirishi kutilmoqda.