Shu yilning 7-oktyabr kuni IIV huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolari va OAV vakillari ishtirokida matbuot anjumani oʻtkazildi.
Unda Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Zokirjon Almatov Furqat tumani IIB xodimlari tomonidan maktab direktorining tahqirlanish holatiga munosabat bildirdi.
Almatovning fikricha, ichki ishlar idoralarida ishlaydigan har bir xodim oʻzini psixologik jihatdan tayyorlashi, jahlini jilovlay olishi kerak.
«Bu — oʻtaketgan vahshiylik. U rahbar qaysidir yoʻllar bilan amalga oʻtirib qolgan, deb oʻylayman. Qanday sharoitda boʻlsa ham, ichki ishlar idorasi xodimi oʻzini ushlashni bilishi kerak. Biz oʻzidan ketib qolgan bunday rahbarlarni aslo kechirmaymiz. Har bir yigʻilishda vazir, vazirlik rahbariyati, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshliqlari xodimlardan shu narsani talab qiladi: jahlingga erk berma, jahlingni jilovla, odamlarni avval yaxshilab eshit. Qoʻlingni koʻtarsang, boshqa narsa qilsang… Hatto bizga jahl qilib, oʻzini osib qoʻyganlar ham boʻlgan», — dedi vazir maslahatchisi.
U ichki ishlar xodimlariga murojaat qilib, ularga insonlarga nisbatan mehr-muhabbat bilan munosabat qilish kerakligini eslatdi.
“Insonlarga nisbatan mehr-muhabbat degan tuygʻularning hammasi bizda boʻlish shart. Siz bilan biz faqat qamash uchun yaratilmaganmiz. Tarbiyalash, insonlarga gʻamxoʻrlik qilish, ularga yordam berish uchun ichki ishlar xodimlari bor. Shu narsa hech qachon esimizdan chiqmasin. Lekin odam boʻlmaydiganlarning qonun boʻyicha jazosini berishimiz shart. Shu bois bizning faoliyatimizda har xil odamlar uchrab turadi”, deya qoʻshimcha qildi u.
Zokirjon Almatovning qoʻshimcha qilishicha, mazkur holat boʻyicha maxsus tekshiruv olib borilmoqda.








