Qayd etilishicha, geografik koʻrsatkich – bu mahsulotning maʼlum hududga xosligini va sifatini huquqiy jihatdan himoya qiluvchi belgi. U mahsulotning kelib chiqish joyini, anʼanaviy retseptini va oʻziga xos xususiyatlarini davlat darajasida kafolatlaydi.
“Zomin qozon patiri” – Jizzax viloyatining Zomin tumanida qadimdan tayyorlanadigan non mahsuloti boʻlib, alohida qorilgan xamir, mahalliy sut va sariyogʻ bilan qozonda pishiriladi. U oʻzining noyob taʼmi va sifat xususiyatlari bilan ajralib turadi.
Endi “Zomin qozon patiri” Oʻzbekiston davlat reyestrida 20-geografik koʻrsatkich sifatida roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, uning nomi, sifati va kelib chiqish manbai qonuniy himoyaga ega boʻladi.









