“Zomin” turistik -rekreatsion zonasida dor yoʻli ishga tushirildi

    Turizm 27 Avgust 2023 2005

    Joriy yil 25-avgustda Jizzax viloyatining Zomin tumanida barpo etilayotgan “Zomin” turistik -rekreatsion zonasida hududdagi ilk dor yoʻli loyihasi foydalanishga topshirildi.

    “Zomin” TRZ hududida zamonaviy dor yoʻli va koʻp qavatli avtoturargohlar qurilish ishlari boshlandi. Yer uchastkasining maydoni 2 gektardan iborat boʻlib, loyihaning qurilish-montaj ishlari qiymati 133,3 milliard soʻmni tashkil etdi.

    2022 yil iyun oyida Shveysariyaning mashhur kompaniyasi “Bartolet AG” bilan dor yoʻli uchun uskunalar yetkazib berish va montaj ishlari uchun jami qiymati 6,72 million yevro boʻlgan shartnoma imzolandi.

    Zomin tumani Duoba qishlogʻida barpo etilgan “Dor yoʻli” majmuasining “Zomin” osma dor yoʻli 12 ta minorali 11 dona ustundan tashkil topgan. Xususan, 11-minoraning balandligi 35 metr boʻlib, 8- va 9-ustunlar orasidagi eng katta masofa 615 metrdan iborat. Dor yoʻlining eng katta qiyaligi 42 gradusni tashkil etadi. Dor yoʻlining uzunligi 2102 metrdan iborat boʻlib, mijozlarni tashish uchun zamonaviy dizayndagi 36 ta kabina sayyohlar xizmatiga shay. Maksimal harakatlanish tezligi esa 6 metr sekundgachani tashkil etadi. Harakatlanish chogʻida kabinalar orasidagi masofa 141 metr boʻlib, soatiga 1 200 nafar sayyohga xizmat koʻrsatish imkoniga ega.

    Taʼkidlash kerak, quyi stansiyaning dengiz sathidan balandligi 1 961,1 metr, yuqori stansiyasi esa 2 490,6 metr. Stansiyalar oʻrtasida balandlikning farqi esa 529,5 metr.

    “Zomin” turistik-rekreatsion zonada umumiy qiymati 456 milliard soʻmlik toʻrtta loyihaning ish jarayonlari davom etyapti. Jumladan, koʻp qavatli avtoturargoh, zamonaviy restoran, osma koʻpriklar, bitta zamonaviy sogʻlomlashtirish markazi loyihalari amalga oshirilyapti. Loyihalardan 133,3 milliard soʻmlik zamonaviy dor yoʻli (kanat) bugun foydalanishga topshirildi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi i matbuot xizmati.

    “Zomin” turistik-rekreatsion zonasida yaqinda faoliyat boshlagan turistik obyektlar dunyo sayyohlarini dengiz sathidan 2 400 metr balandlikdagi tabiat goʻzalliklaridan bahramand boʻlishga imkonini beradi.