Prezident tomonidan “Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishni takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslarga “oila – mahalla – tuman va hudud” tamoyili asosida kompleks ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish tizimi joriy etilmoqda. 2024-yil 1-iyundan boshlab:
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan yoki jabrlanish xavfi ostida boʻlgan xotin-qizlarga himoya orderi talab etmagan holda ijtimoiy va yuridik xizmatlar koʻrsatish tartibi joriy etiladi;
- xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holati ichki ishlar organlari navbatchilik qismining “102” telefon raqamlariga kelib tushgan murojaatlar asosida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan roʻyxatga olinadi.
Tazyiq va zoʻravonlik holati yoki ularni sodir etish xavfi aniqlangan paytdan eʼtiboran 24 soat ichida quyidagilar amalga oshiriladi:
- xotin-qizlar faoli va mahalladagi profilaktika inspektori ishtirokida tazyiq va zoʻravonlikni sodir etgan shaxs bilan suhbat oʻtkaziladi;
- profilaktika inspektori tomonidan himoya orderi rasmiylashtiriladi;
- tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining shoshilinch qabul boʻlimlariga joylashtiriladi;
- rasmiylashtirilgan himoya orderlari va jabrlangan shaxslarga doir maʼlumotlar “Inson” markazlariga real vaqt rejimida “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali yuboriladi.
Shoshilinch qabul boʻlimlarida tunu kun ishlaydigan birlamchi koʻmak xonalari tashkil etiladi:
- 2024-yil 1-iyundan boshlab – Jizzax, Navoiy va Xorazm viloyatlarida;
- 2024-yil 1-oktyabrdan boshlab – respublikaning qolgan barcha hududlarida.
Tazyiq va zoʻravonlikka uchragan xotin-qizlarga reabilitatsiya xizmatlarini koʻrsatish uchun Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazining hududiy markazlarida vaqtinchalik boshpana (shelter)lar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Bunda hududiy markazlarga qarashli 14 ta namunali tumanlararo markazning mavjud shtat birliklari hamda moddiy-texnika bazasi toʻliqligicha hududiy markazlarga oʻtkazilgan holda tugatiladi.
2025-yil 1-yanvardan boshlab ichki ishlar organlari tomonidan tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil boʻlgan shaxslarning reyestri yuritiladi. 2024-yil 1-dekabrdan boshlab esa bir kalendar yil davomida ikki va undan ortiq marta tazyiq va zoʻravonlik holati boʻyicha murojaat qilinganda ichki ishlar organlari tomonidan himoya orderi tashabbus tartibida beriladi.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslarni reabilitatsiya qilishga doir chora-tadbirlar dasturi;
- Zoʻravonlikning oldini olish, xotin-qizlarning huquqlari kafolatlarini taʼminlash, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan media-reja.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 11.05.2024-yildan kuchga kirdi.