Bu haqda Xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdagi sessiyasida soʻz yuritildi.
“61-maktab direktori oʻz vazifasiga noloyiq. Sinfxonalarga oʻtin kiritib, jamoatchilikni aldashga urinishi sharmandalik! Direktorni televideniyeda, OAVda koʻrsatishimiz kerak. Qolgan maktab direktorlar bunday koʻzboʻyamachilik qilmasin. Bu holat qolganlarga maktab boʻlsin!” — dedi viloyati hokimi.

Zoyir Mirzayev Chiroqchi tuman xalq taʼlimi boʻlimi mudiri Farhod Jumanovga “Nimaga bor haqiqatni yashirasizlar?” deya tanbih berdi. Shuningdek, viloyat deputatlarini loqaydlikda aybladi: “Nega Chiroqchidan saylangan deputatlar bu voqeaga munosabat ham bildirmadi? Aslida deputatlar mana shunaqa kamchiliklarni koʻtarib chiqishi, muammo yechimini izlashi kerak emasmi. Ammo biror deputat maktab sharoitini borib koʻrmagan, balki bizda shunaqa maktab borligi haqida birorta deputatimiz bilmas”, degan fikrlarni bildirgan hokim.
Sessiyada ishtirok etayotgan deputatlarning maʼlumot berishicha, Shodiyor Xoʻjanazarov 61-maktab joylashgan hududdan viloyat kengashiga saylangan deputat boʻlib, sessiyada ishtirok etmagan.
Ommaviy ahborot vositalariga bu muammoni yoritgani uchun oʻz rahmatini aytib oʻtarkan, hokim “bugun muammo chiqdimi, ertaga borib hal boʻladi, degan fikrlardan voz kechishimiz kerak”, deya taʼkidlagan.
Zoyir Mirzayevning aytishicha, viloyatda 300 dan ortiq maktab filiallari boʻlib, ularning 274 tasida kadastr hujjati ham mavjud emas.
“Yaqinda biz barcha tuman va viloyatning byudjetini tasdiqlaymiz. Shunda moliyaning odamidan ʻ61-maktabga necha pul berasan, mana bu maktabga qancha berasan? Bu maktab avariya holatida, bu maktabning hojatxonasi yoʻqʻ deb kim soʻraydi. Deputatning shunday savol berishga haqqi bormi yoki yoʻqmi?”, deya soʻragan viloyat hokimi.