Bugun poytaxtimizdagi “Hilton” mehmonxonasida Zoyir Mirzayev Rustam Minnixanov bilan uchrashdi.

Taʼkidlash joizki, Toshkent viloyati va Tatariston yaqin hamkor hududlar sanaladi. Tomonlar oʻrtasida 2019-yili rasman yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik natijasida bugun hududda 10 dan ortiq qoʻshma korxonalar, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari faoliyat olib bormoqda.

Rustam Minnixanov boshchiligidagi delegatsiya shu vaqt oraligʻida 3-marta viloyatimizda boʻldi, qator yangi loyihalarga start berildi.

Tatariston delegatsiyasi bilan uchrashgan Zoyir Mirzayev mehmonlarga Toshkent viloyatida bugun amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yangilanishlar, rejalar xususida soʻzlab berdi. Shuningdek, oʻzaro aloqalarni yangi bosqichga koʻtarishga qaratilgan bir qator ikki tomonlama manfaatli takliflar muhokama qilindi.

Muloqotda savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy, qurilish va arxitektura sohasidagi hamkorlik imkoniyati va istiqboli yuqori baholandi.

Samimiy, doʻstona ruhda oʻtgan muloqotda tomonlar esdalik sovgʻalari almashishdi. Rustam Minnixanov Toshkent viloyati hokimini Tataristonga mehmonga taklif etdi.

Tomonlar tez orada biznes doiralar vakillari uchun maxsus muloqot tashkil etishga kelishishdi, deb xabar beradi Toshkent viloyati hokimligi Axborot xizmati.