Zoyir Mirzayev Tatariston Respublikasi Prezidentining yordamchisi Gazinur Bakirov bilan uchrashdi

    Do'stona ruhda o'tgan muloqot davomida Rossiya Federatsiyasi va O'zbekiston Respublikasi o'rtasidagi hududlararo munosabatlarni rivojlantirish doirasida Tatariston Respublikasining Toshkent viloyati bilan o'zaro manfaatli hamkorlik aloqalari holati va istiqbollari muhokama qilindi.

    Aytish joizki, o'zaro manfaatli hamkorlik 2018 yil may oyida imzolangan Tatariston Respublikasi hukumati va Toshkent viloyati hokimligi o'rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy va madaniy sohalarda xalqaro va tashqi iqtisodiy aloqalarni amalga oshirish bo'yicha hamkorlik to'g'risidagi bitimga asoslanadi.

    Xususan, mazkur bitim doirasida belgilab olingan ishlarni amaliy amalga oshirish maqsadida Toshkent viloyatida Tataristonning «Ximgrad» texnopolisi bilan hamkorlikda «Chirchiq» kimyo-industrial texnoparki tashkil etildi.

    Muloqotda Toshkent viloyatining ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan samarali foydalanishni ta'minlash orqali mahsulot eksporti hajmini oshirish, hududlarda ishlab chiqarishni kengaytirish yuzasidan zaruriy fikrlar bildirildi.

    Uchrashuvda tomonlar manfaatli va istiqbolli loyihalarni iqtisodiyotning boshqa sohalarida ham keng amalga oshirish yuzasidan galdagi vazifalarni kelishib oldilar.

    Toshkent viloyati hokimligi

    Axborot xizmati