Ma'lumki, Prezidentimiz tashabbusi asosida yosh avlod bilan manzilli ishlash uchun har bir mahallada viloyat hokimining yordamchisi — yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etildi. Ularning asosiy vazifalari yigit-qizlar muammolarini hal etish, kasb o'rganishi va bandligiga ko'maklashish, bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bilan shug'ullanishdan iboratligi belgilandi. Shundan kelib chiqib, ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, faoliyatini rivojlantirish borasida sa'y-harakatlar Toshkent viloyatida ham boshlandi.
Ochiq muloqot shaklida o'tgan tadbirda viloyat sektor rahbarlari va tegishli mutasaddi idoralar vakillari ham qatnashdi.
Qayd etilganidek, mahallalarda ish boshlagan yoshlar yetakchilari yuqoridan topshiriq kutmasdan, o'zlari turli yo'nalishlarda tashabbuslar qilishi, tengdoshlari yonida turib, har jabhada yigit-qizlar muammolarini hal qilishga ko'maklashishi lozim.
— Maktabni bitirib, bir kasbni o'rganib, jamiyatga foyda keltira boshlagan o'g'il-qizlarga ko'maklashgan yoshlar yetakchilari viloyat hokimi mukofoti bilan taqdirlanadi, — dedi viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev. — Agar yosh tadbirkorlar o'z xonadonidan kutubxona tashkil etmoqchi bo'lsa 10 million so'm boshlang'ich sarmoya beriladi. Maktablarda kutubxona, qiroatxonalarni tizimli ishlatish bo'yicha yoshlar yetakchilari takliflarini qo'llab-quvvatlash uchun 20-25 million so'mgacha kitob olish uchun pul beriladi. Joylardagi sport zallaridan foydalanish ahvoli qoniqarsiz. Sport majmua va zallari sutkada 16 soat ishlashi kerak.
Viloyat hokimi yoshlar bilan muloqotda mahallalarda zamonaviy AKT tizimlarini rivojlantirish, bu sohaga qiziquvchilar bilimini rivojlantirish masalalariga e'tibor qaratdi. Buning uchun birinchi navbatda maktablarni ilg'or kompyuterlar, internet tarmog'i bilan ta'minlash kerak. Yoshlar ulardan emin-erkin foydalanishi lozim. Mas'ul tashkilotlar barcha imkoniyatlarni qilib berishi zarurligi aytib o'tildi.
Shuningdek, Toshkent viloyatida yashab o'tgan jadidlar hayoti va ijodi, hududning toponimik nomlarini o'rganish, madaniy meros obyektlari haqida maxsus saytlar yaratish, shu ish bilan shug'ullanadigan tashabbuskorlarni moliyaviy tomondan qo'llab-quvvatlash borasida takliflar bildirildi. Xususan, bu borada eng faol, kreativ tashabbuskor yoshlarga zarur imkoniyatlar yaratiladi. Ayniqsa, “Bir million dasturchi” loyihasini mahallalarda jadal targ'ib etish, yoshlarni shunga jalb etishga e'tibor qaratiladi.
— Faoliyatimizni samarali tashkil qilish borasidagi bildirilgan ko'plab takliflarni o'zimga belgilab oldim, — deydi Yangiyo'l shahar “Farovon” MFYning yoshlar yetakchisi Malika Nazarova. — Hozir hududimizda 18 yoshdan 30 yoshgacha bo'lgan 516 yoshlar bor bo'lib, ularning 413 nafari ish bilan ta'minlangan. Bizning asosiy vazifalarimizdan biri esa hududdagi band bo'lmagan yoshlarni atrofimizga qamrab olish, ularni tadbirkorlikka keng jalb qilish va bo'sh vaqtini samarali tashkil qilishdir. Buning uchun mahalladagi mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanishimiz zarur.
Uchrashuvda yoshlar yetakchilari joylarda yoshlar guzarlari faoliyatini yo'lga qo'yish, sport to'garaklari ochish, nogironligi bo'lgan shaxslarni qo'llab-quvvatlash, ishsiz yoshlarni korxonalarga taklif qilgan holda mehnat shartnomalari tuzishga ko'maklashish kabi ko'plab takliflarini bildirdi.
Tadbirda haftaning bir kuni yoshlar tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash kuni, deb belgilandi. Bunda yoshlar tomonidan bildirilgan har bir taklifni nazoratga olish, ular bilan yaqindan ishlash borasida mas'ullarga topshiriqlar berildi.
Toshkent viloyati hokimligi
Axborot xizmati