"Zukko kitobxon"lar taqdirlandi

    Madaniyat 18 Mart 2022 2070

    Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida oʻtkazilgan “Kitob – maʼnaviyat xazinasi” nomli bayram tadbirida “Zukko kitobxon” koʻrik-tanlovining gʻoliblari taqdirlandi. Ularga Yozuvchilar uyushmasi tomonidan badiiy kitoblar jamlanmasi hamda mutasaddi tashkilotlarning esdalik sovgʻalari topshirildi.

    Tadbirni akademiya rektori Muzaffar Komilov ochib berdi. U oʻz nutqida yurtimizda kitobxonlikka eʼtibor davlat siyosati darajasiga koʻtarilib, yoshlar oʻrtasida mutolaa madaniyatini rivojlantirish va keng targʻib qilish boʻyicha tizimli ishlar qilinayotganini taʼkidladi.

    – Kitob oʻqishning inson hayotida tutgan oʻrni beqiyos, – dedi Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari Nodir Jonuzoq. – Yoshlarni mutolaaga boʻlgan qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida akademiya kutubxonasi uchun uyushmasi tomonidan chop etilgan 100dan ortiq badiiy kitoblarni olib keldik. Albatta, talabalar bugunning oʻzidayoq ushbu kitoblar bilan tanishishni boshlaydi, deb oʻylayman.

    Uchrashuvda kitobxonlikka jalb qiluvchi videorolik namoyish etildi. Talabalar tomonidan sheʼrlar, turli tillarda kichik hikoyalar oʻqildi. Taniqli sanʼatkorlarning musiqiy chiqishlari tadbirga yanada fayz ulashdi. Kitobxonlik viktorinasi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, akademiya foyesida tashkil etilgan yangi nashr etilgan kitoblar koʻrgazmasi yigʻilganlarni oʻziga chorladi.

    Shodi Otamurod,
    Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi