14–17-dekabr kunlari poytaxtimizda Kinematografiya agentligi hamda Oʻzbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi hamkorligida “Tirik tarix” xalqaro kino forumi va “Oltin Humo – 2025” milliy kino mukofoti taqdimoti oʻtkazildi.
Prezidentning “Kinematografiya sohasini yanada rivojlantirish hamda mamlakatimiz tarixiga bagʻishlangan filmlar turkumini yaratishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, 2024–2027-yillarga moʻljallangan “Tirik tarix” filmlar turkumini yaratish dasturi tasdiqlangan.
Unga koʻra, jami 54 ta tarixiy film ishlab chiqarilishi belgilangan.
“Tirik tarix” dasturidan oʻrin olgan “Bahodir Yalangtoʻsh”, “Ajiniyoz”, “Maxtumquli Firogʻiy”, “Ulugʻ Amir va Donna Mariya” kabi filmlar taqdimot-namoyishlari oʻtkazilib, qator xalqaro kinofestivallarda yuksak eʼtirofga sazovor boʻlmoqda.
Xususan, “Maxtumquli Firogʻiy” filmi Turkmanistonning Ashxobod shahrida boʻlib oʻtgan “Qoʻrqut ota” IV Xalqaro kinofestivalida “Eng yaxshi film” nominatsiyasi boʻyicha oliy sovrinni qoʻlga kiritgan.
Shuningdek, Turkiyada oʻtkazilgan II Turon xalqaro kinofestivalida “Eng yaxshi oʻzbek filmi” sifatida taqdirlangan.
Film shuningdek, Qozon xalqaro kinofestivali, London shahrida oʻtkazilgan Yevroosiyo ijodiy gildiyasi kinofestivalida, Turkiyada oʻtkazilgan “Turon” xalqaro kinofestivalida, Barselona oʻtkazilgan Osiyo filmlari 25-xalqaro kinofestivalida yuksak mukofotlarga sazovor boʻlgan.
“Tirik tarix” xalqaro kino forumining oʻtkazilishi tarixiy filmlar ishlab chiqarish borasidagi ishlarni yangi bosqichga koʻtaradi.
Forumda Rossiya, Yaponiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Turkiya, Xitoy, AQSH, Fransiya, Polsha, Vengriya, Shveysariya, Qatar, Tojikiston va Mongoliya kabi yigirmaga yaqin davlatdan tashrif buyurgan ellikka yaqin taniqli kinorejissyor, prodyuser, animatsiya, IT va sunʼiy intellekt sohalari boʻyicha tajribali mutaxassislar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Forumning tantanali yakuni sifatida 17-dekabr kuni Oʻzbekiston Milliy kino sanʼati saroyida “Oltin Humo – 2025” milliy kino mukofotini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtadi.
“Oltin Humo – 2025” milliy kino mukofoti gʻoliblari quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi:
Eng yaxshi hujjatli film:
“Ezgu film” kinostudiyasi mahsuloti, rejissyor Jahongir Ahmedovning “Oq oltin balosi” hujjatli filmi;
Eng yaxshi animatsion film:
O‘zbekiston animatsiya studiyalari assotsiatsiyasi mahsuloti, rejissyor Azizbek Muhammedovning “Aqlli qizaloq” animatsion filmi;
Eng yaxshi grafika ishi:
Behro‘z Po‘latov “Hudud” filmidagi ishi uchun;
Eng yaxshi ovoz rejissyorligi ishi:
Ulug‘bek Abdusoatov “Bahorni quvib” filmidagi ishi uchun;
Eng yaxshi montaj ishi:
Azim Botirov “Daydi shamol” filmidagi ishi uchun;
Eng yaxshi grimm rassomi:
Mahbubat Esonova “Maxtumquli Firog‘iy” filmidagi ishi uchun;
Eng yaxshi liboslar bo‘yicha rassom ishi:
Nigora Po‘latova “Maxtumquli Firog‘iy” filmidagi ishi uchun;
Eng yaxshi rassom ishi:
Bektosh Rajabov “Paxta” filmidagi ishi uchun;
Eng yaxshi kino bastakori:
Jamshid Izamov “Mening mahallam” filmidagi ishi uchun;
Eng yaxshi operatorlik ishi:
Boris Litovchenko “Paxta” filmidagi ishi uchun;
Eng yaxshi ssenariy:
Erkin A’zam “Bahorni Quvib” filmidagi ishi uchun;
Eng yaxshi film:
O‘zbekiston Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi mahsuloti, rejissyor Muzaffarxon Erkinovning “Maxtumquli Firog‘iy” badiiy filmi;
Eng yaxshi rejissyorlik ishi:
Zulfiqor Musoqov “Umida. Fudziyama haqida tush” filmidagi ishi uchun;
Tomoshabin mehrini qozongan film:
“Imkon films” MChJ mahsuloti, rejissyor Iqbol Meliqo‘ziyevning “Amaliyotchi qiz” badiiy filmi;
Eng yaxshi erkak roli:
Ulug‘bek Muhammadkarimov “Cho‘liq” filmidagi roli uchun
Eng yaxshi ayol roli:
Yulduz Rajabova “Shamsqamar” filmidagi roli uchun;
Hakamlar hay’atining maxsus mukofoti:
“Аdolat” badiiy filmi
Ushbu marosim yilning eng muhim kino voqealaridan biri sifatida milliy kino ijodkorlarini birlashtiradi hamda “Oltin Humo” mukofotining oʻzbek kinosida bardavom, nufuzli va anʼanaviy brend sifatida qaror topishiga xizmat qiladi.













